Yoshlarni sportga jalb etishga qaratilgan bellashuv
Davlatimiz rahbari raisligida jismoniy tarbiya va sport sohasini yangi bosqichga ko‘tarish, sport infratuzilmasidan samarali foydalanishga qaratilgan ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aholini ommaviy sportga keng jalb etish, yoshlarning sport bilan shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoit yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan edi. Bu borada bir qator vazifalar belgilab berildi.
Mazkur vazifalardan kelib chiqqan holda Xalq demokratik partiyasi Toshkent shahar kengashi tashabbusi bilan yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli sport musobaqalari tashkil etildi.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad — yoshlarni sportga keng jalb etish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sog‘lom turmush tarzini hayotiy qadriyat sifatida shakllantirish hamda jamoaviylik, do‘stlik va hamjihatlik ruhini mustahkamlashdan iborat.

Futbol, voleybol, shaxmat, shashka sport musobaqalarida yoshlar faol ishtirok etib, o‘z mahorati, irodasi va intilishlarini namoyon etdi. Har bir bellashuv qizg‘in, murosasiz tarzda o‘tdi. Ayniqsa, jamoaviy sport turlarida ishtirokchilar o‘rtasida birdamlik, o‘zaro hurmat va haqiqiy sport ruhi yaqqol namoyon bo‘ldi. Intellektual o‘yinlarda esa yoshlarning fikrlash qobiliyati, strategik yondashuvi va diqqat-e’tibori sinovdan o‘tkazildi.

Bu kabi sport tadbirlari yoshlarning jismoniy faolligini oshirib, sportga bo‘lgan qiziqishlarini yanada orttiradi.
M.Komilova,
O‘zA