2030-yilga qadar Toshkent davlat agrar universiteti xalqaro reyting tashkilotlarining top-500 talik oliy ta’lim tashkilotlari ro‘yxatiga kiradi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Toshkent davlat agrar universiteti faoliyatini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, quyidagilar 2030-yilga qadar Toshkent davlat agrar universitetini rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib belgilandi:
a) Universitetning xalqaro nufuzini oshirish hamda xalqaro reyting tashkilotlarining top-500 talik oliy ta’lim tashkilotlari ro‘yxatiga kiritishga erishish;
b) Universitetda ta’lim, boshqaruv va xizmatlar ko‘rsatish jarayonlarini sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar asosida tashkil etish;
v) ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishdan olinadigan mablag‘lar hajmini 3 baravarga oshirish;
g) xalqaro hamkorlikda amalga oshiriladigan ilmiy tadqiqotlar sonini 3 baravarga, qo‘shma ta’lim dasturlari sonini 20 taga oshirish;
d) xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan ta’lim dasturlari sonini 4 baravarga oshirish;
j) o‘quv-ilmiy laboratoriyalar sonini 20 foizga oshirish.
Qaror bilan agrar sohadagi ta’lim, ilmiy-tadqiqot muassasalari va ishlab chiqarish korxonalari bilan birgalikdagi faoliyat to‘g‘risidagi shartnoma asosida yuridik shaxs maqomiga ega o‘lmagan Agrar ta’lim-ishlab chiqarish kooperatsiyasi tashkil etiladi hamda uning asosiy faoliyat yo‘nalishlari tasdiqlandi.
Qaror (3-ilova)da keltirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktablari Agrar ta’lim kooperatsiyasining umumiy o‘rta ta’lim muassasalari sifatida faoliyat yuritadi.
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab maktablarning 1 tadan 7-11 sinflarida tabiiy fanlar chuqurlashtirilgan holda o‘qitiladi.
Mazkur qarorga muvofiq, uch oy muddatda maktablarning tabiiy fanlar bo‘yicha variativ o‘quv rejasi ishlab chiqiladi hamda 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab ta’lim jarayonlariga joriy qilinadi.
Agrar ta’lim kooperatsiyasi tarkibidagi ilmiy-tadqiqot muassasalarining yuqori turuvchi vazirlik va idoralari bilan birgalikda:
ilmiy-tadqiqot muassasalarining yuqori malakali professor-o‘qituvchi va mutaxassislari Universitetga biriktirilgan texnikumlar va Universitetning tegishli kafedralariga ilmiy maslahatchi sifatida biriktiriladi;
hap yili Universitetga biriktirilgan texnikumlar o‘quvchilari va pedagoglari hamda Universitetning talabalari va pedagoglari ilmiy-tadqiqot muassasalariga stajirovka va amaliyot o‘tashga jalb qilib boriladi.
Agrar ta’lim kooperatsiyasi tarkibidagi ta’lim muassasalarining yuqori sinf o‘quvchilari va talabalarini kasbga yo‘naltirish maqsadida "dala kunlari" tashkil etiblib, qishloq xo‘jaligi sohasidagi o‘quv-tajriba xo‘jaliklari, ilg‘or oziq-ovqat texnologiyalari va agrotexnologiyalar bilan tanishtirib borish yo‘lga qo‘yiladi.
O‘zA