Bolalar tibbiyoti: pnevmokokk infeksiyasiga qarshi kurashda zamonaviy tibbiyot va global tajriba
Bugungi kunda bolalar o‘rtasidagi yuqumli kasalliklarning oldini olish va go‘daklar o‘limi ko‘rsatkichlarini kamaytirish dunyo miqyosida sog‘liqni saqlash tizimining eng dolzarb vazifalaridandir.
Bu borada, ayniqsa, 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar salomatligiga jiddiy xavf tug‘diruvchi pnevmokokk infeksiyasi alohida e’tiborni talab etmoqda. Ushbu xavfli infeksiya Streptococcus pneumoniae (pnevmokokk) bakteriyasi tomonidan chaqiriladi va u asosan chaqaloqlar, kichik yoshdagi bolalar, keksa yoshdagi insonlar hamda immuniteti pasaygan shaxslarda o‘ta og‘ir kechishi bilan ajralib turadi. Zamonaviy tibbiyotning keng imkoniyatlariga qaramay, bugungi kunda ushbu bakteriya tufayli kelib chiqayotgan asoratlar dunyo sog‘liqni saqlash tizimi uchun eng yirik global muammolardan biri bo‘lib qolmoqda.
Shifokorlarning ta’kidlashicha, pnevmokokk bakteriyasi inson nafas yo‘llarining shilliq qavatida tinch holatda yashashi mumkin va ayrim hollarda u hech qanday alomat bermaydi, biroq organizmning himoya kuchi pasayganda yoki gripp, o‘tkir respirator virusli infeksiyalar (O‘RVI) bilan kasallangandan so‘ng bakteriya to‘satdan faollashib, og‘ir asoratlarni yuzaga keltiradi. Kasallik havo-tomchi yo‘li orqali, ya’ni yo‘talish, aksirish yoki bemor bilan yaqin muloqotda bo‘lish natijasida juda tez yuqadi. Pnevmokokk inson organizmining turli a’zolarini zararlash xususiyatiga ega bo‘lib, u zotiljam (pnevmoniya), o‘rta quloq yallig‘lanishi (otit), sinusit, bronxit, meningit (bosh miya pardasining yallig‘lanishi), sepsis (qonning zaharlanishi) va boshqa yiringli infeksiyalarning asosiy sababchisi hisoblanadi. Mazkur kasalliklarning ayrimlari qisqa vaqt ichida og‘ir asoratlar keltirib chiqarishi, hatto o‘limga sabab bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, meningit va sepsis tezkor tibbiy yordamni talab qiladigan, hayot uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xavf soluvchi holatlardir.

Mutaxassislarning ma’lumotlariga ko‘ra, pnevmokokk bakteriyasi barcha zotiljam kasalliklarining qariyb 70 foizini, o‘rta quloq yallig‘lanishlarining 25 foizga yaqinini, yiringli meningitlarning 5–15 foizini keltirib chiqaradi. Har yili dunyo bo‘yicha minglab bolalar aynan shu infeksiya tufayli shifoxonalarga yotqizilmoqda. Bu vaziyatda ota-onalarning shifokor retseptisiz antibiotiklardan foydalanishi eng katta muammolardandir. Bunday noto‘g‘ri yondashuv bakteriyalarning dori vositalariga nisbatan chidamliligini (rezistentlik) oshirib yuboradi va tibbiyot xodimlari uchun davolash jarayonini yanada murakkablashtiradi. Pnevmokokk infeksiyasining 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida ko‘p uchrashi ularning immun tizimi hali to‘liq shakllanib ulgurmagani, bolalar organizmi ushbu bakteriyaga qarshi yetarli miqdorda himoya antitanachalarini ishlab chiqara olmasligi bilan izohlanadi. Bundan tashqari, bolalar bog‘chalari va boshqa jamoalarda yaqin muloqotda bo‘lish ham infeksiyaning zanjirli tarzda tarqalishiga zamin yaratadi. Kasallik tufayli tana haroratining keskin ko‘tarilishi, kuchli va tinimsiz yo‘tal, nafas olishning qiyinlashishi, quloqdagi kuchli og‘riq hamda bosh og‘rig‘i kabi belgilar kuzatilganda bolaga tezkor tibbiy yordam ko‘rsatish zarur.
Tibbiyot rivojlangan bugungi davrda ushbu global muammoning eng samarali va sinalgan yechimi sifatida vaksinatsiya tan olingan. Pnevmokokka qarshi zamonaviy vaksinalar dunyoning yetakchi davlatlarida 30 yildan ortiq vaqtdan buyon muvaffaqiyatli qo‘llanilib kelinmoqda va ularning xavfsizligi ilmiy jihatdan to‘liq isbotlangan. Xalqaro sog‘liqni saqlash tajribasi shuni ko‘rsatadiki, ommaviy emlash natijasida bolalar o‘rtasida pnevmokokk sababli kelib chiqadigan zotiljam kasalligi 80 foizgacha kamayadi, OTIT bilan kasallanish esa qariyb uchdan bir qismga qisqaradi. Eng muhimi, vaksinatsiya sharofati bilan jamiyatda bakteriya tashuvchilik darajasi pasayadi, bu esa hatto emlanmagan bolalar va kattalar o‘rtasida ham kasallanish ko‘rsatkichini zanjirli tarzda kamaytirib, bilvosita jamoaviy immunitetni hosil qiladi. Zamonaviy tibbiyot yutuqlaridan biri shundaki, hayotining dastlabki 6 oyligida pnevmokokk infeksiyasiga qarshi ikki dozali birlamchi emlash kursini o‘tagan bolalarning 87 foizdan 100 foizigacha bo‘lgan qismida kasallikdan ishonchli himoya qiluvchi kuchli va barqaror immunitet shakllanadi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi axborot xizmati taqdim etgan ushbu ma’lumotlardan xulosa qilib aytish mumkinki, pnevmokokk o‘z vaqtida oldini olish mumkin bo‘lgan, biroq e’tiborsiz qoldirilsa, fojiali oqibatlarga olib keluvchi xavfli kasallik. Milliy emlash kalendariga muvofiq vaksinalarni o‘z vaqtida olish, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish va kasallikning ilk belgilaridanoq shifokorga murojaat etish har bir ota-onaning mas’uliyati hisoblanadi. Emlash jarayoniga jiddiy yondashish farzandlarimizni xavfdan asraydi, shuningdek, sog‘lom avlodni voyaga yetkazishga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA