1 300 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan maktab foydalanishga topshirildi
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi 202-sonli umumta’lim maktabi kapital ta’mirlash ishlaridan so‘ng, zamonaviy ta’lim standartlariga mos keluvchi butkul yangi qiyofada o‘z eshiklarini qayta ochdi.
Xususan, давлат dasturlari hamda mahalliy infratuzilmani rivojlantirish loyihalari doirasida amalga oshirilgan ushbu keng ko‘lamli yangilanish natijasida, maktabda o‘quvchilar va pedagoglar jamoasi uchun xavfsiz, shinam va innovatsion ta’lim muhiti yaratildi. Mazkur kapital ta’mirlash ta’lim maskanining nafaqat tashqi ko‘rinishi, balki ichki texnik imkoniyatlari va jihozlanishini ham tubdan o‘zgartirdi.

– 1 050 o‘quvchi o‘rniga mo‘ljallangan maktab bugungi kunda 1 300 nafar o‘quvchini qamrab oldi, – dedi Maktab direktori Nargiza Muhammadiyeva. – Kapital ta’mirdan so‘ng maktabimizdagi barcha jihozlar yangicha zamonaviy rusumda joylab berildi. Sinf xonalari zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi, sport va faollar zallari hamda kutubxona yangicha ko‘rinishga keltirildi. Binoning barcha kommunikatsiya tizimlari ham to‘liq yangilandi. Maktabimizda inklyuziv ta’lim oluvchi bolalar uchun maxsus korreksion xonalar ham tashkil etilgan. Hozirda 11 nafar bola ta’lim olmoqda, yana 2 nafar bola birinchi sinfga qabul qilindi. Ayni kunlarda maktabimiz yangi o‘quv yiliga to‘liq tayyor.

Xulosa o‘rnida aytganda, yangi tipdagi maktablarning ishga tushirilishi ikki smenali ta’lim tizimini qisqartirishga, o‘quvchilarning uzoq masofaga qatnab o‘qish zaruratini kamaytirishga xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA