Zilziladan keyingi tahlika
Turkiyaning Gaziantep va Shonliurfa viloyatlarida bugun keskin ob-havo o‘zgarishi kuzatildi. Mutaxassislar tomonidan “super hujayra” deb nomlangan bu kuchli to‘fon tufayli qisqa vaqt – taxminan 20 daqiqa ichida har kvadrat metrga o‘rtacha 60 kg miqdorida yog‘in yog‘di. To‘fon davomida kuchli shamol, do‘l va quyun kuzatildi.
Mazkur tabiiy hodisa ikki shahar infratuzilmasiga jiddiy zarar yetkazdi. Ko‘chalarni suv bosdi. To‘fon daraxtlar va elektr ustunlarini qo‘pordi. Shuningdek, ko‘pgina transport vositalari shikastlandi.
Gaziantepning “Alleben” darasi atrofida suv sathi ko‘tarilib, toshqin xavfi yuzaga keldi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida Gaziantepda 23 nafar fuqaro turli darajada jarohat oldi. Ularga vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatildi.

Gaziantep valiyligi qaroriga muvofiq, Shohidkomil, Shahinbey va Nezip tumanlaridagi barcha ta’lim muassasalarida o‘quv jarayoni bir kunga to‘xtatildi.
O‘zA muxbiri bog‘langan gazianteplik qardoshimiz Nilgun O‘zer holatni shunday tavsifladi:
– Biz 2023-yil 6-fevraldagi zilzilada omon qolgan oilalardan birimiz. Viloyatimiz yana bir bor jiddiy tabiat hodisasi bilan yuzlashdi. Bolalarim juda qo‘rqdi. Hovlida turgan avto mashinamiz pachoqlandi. Uyimiz tomi qo‘porildi, osmondan quyuq yog‘in yog‘di. Avval hech kuzatilmagan hodisaga guvoh bo‘ldik. Alloh barchamizni o‘z panohida asrasin.
Hozir favqulodda vaziyatlar, huquqni muhofaza qilish idoralari hamda mahalliy hokimlikning tegishli xizmatlari xodimlari tomonidan muammolarni bartaraf etib, vaziyatni barqarorlashtirish ishlari davom ettirilmoqda.
Rasmiy idoralar tomonidan aholiga ehtiyot choralarini ko‘rish, favqulodda holatlar bo‘yicha berilgan ko‘rsatmaga amal qilish tavsiya etilmoqda.
Nodira Kayimova, O‘zA