Ispaniyada migrantlarga 2 800 yevrodan tarqatilyaptimi?
Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches nomidan tarqatilgan bir xabar ijtimoiy tarmoqda jiddiy shov-shuvga sabab bo‘ldi. Go‘yo, ushbu mamlakatda qonuniy ishlayotgan muhojirlarga har oy 2 800 yevro to‘lanishi aytilgan. Aslida soxta manbalarga tayanib yozilgan bu ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Axborot matnida tilga olingan “El Diario de España” nashri amalda mavjud emas ekan. Shuningdek, materialda ko‘rsatilgan sana va voqealar ham bir-biriga mos kelmagan: Ispaniya hukumati muhojirlarni legallashtirish dasturini shu yil yanvar oyida e’lon qilgan va hujjat aprel oyida kuchga kirgan.
Rasmiy Madrid bayonotiga ko‘ra, yangi tartib doirasida muhojirlarga pul to‘lanmaydi, balki qonuniy yashash va ishlash huquqi beriladi. Ariza beruvchi mamlakatda kamida besh oy yashagani va sudlanmaganini isbotlashi shart. Vaqtincha yashash ruxsatnomasi esa bir yilga berilib, keyin uzaytirilishi mumkin.
Yevropa komissiyasi ushbu dasturga ehtiyotkorona yondashmoqda. Shunga qaramay, Ispaniya migratsiya vaziri Elma Sais bu tashabbusni “Yevropa uchun namuna” deb atab, mamlakatda allaqachon yashab kelayotgan insonlarni qonuniy tizim bilan integratsiyalashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Musulmon Ziyo, O‘zA