Zamonlar tutashgan manzil: Amir Temur shoh ko‘chasi bo‘ylab fotosayohat
Amir Temur shoh ko‘chasi Toshkent shahrining markaziy va muhim magistrallaridan biri hisoblanadi. U poytaxtning shimoliy va janubiy qismlarini bog‘lab, o‘z bag‘rida mamlakatimiz tarixi, iqtisodiyoti, ilm-fani va madaniyatiga oid qator yirik ob’ektlarni jamlagan.
Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod va Mirobod tumanlari hududidan o‘tuvchi mazkur ko‘chaning umumiy uzunligi qariyb 11 kilometrni tashkil etadi. U Uchqahramon davlat avtomobil nazorati maskanidan Turkiston ko‘chasigacha cho‘zilgan. Ko‘chaning Mirobod tumanidagi qismiga 2008-yil 6-may kuni buyuk sarkarda Amir Temur nomi berilgan.
Amir Temur shoh ko‘chasi bo‘ylab qator davlat va jamoat tashkilotlari faoliyat yuritadi. Jumladan, Yunusobod tumani hokimligi, Mirobod tumani davlat xizmatlari markazi, shuningdek, “UzAuto Motors” va “O‘zbekneftgaz” kabi yirik kompaniyalar shu hududda joylashgan. Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, “Dunyo” axborot agentligi, Toshkent shahar statistika va adliya boshqarmalari hamda Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudi mazkur hududning ma’muriy ahamiyatini yanada oshiradi.
Mazkur ko‘cha poytaxtning muhim ilm-fan markazlaridan biri sifatida ham e’tiborga molik. Bu yerda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti kabi nufuzli oliy ta’lim muassasalari joylashgan. Shuningdek, Gyote instituti, M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti Toshkent filiali hamda Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining Xitoyshunoslik fakulteti mazkur hududning xalqaro va ilmiy salohiyatini namoyon etadi.
[gallery-28495]
Amir Temur shoh ko‘chasi madaniy hayot markazlaridan biri sifatida ham alohida ahamiyatga ega. Bu yerda Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Toshkent politexnika muzeyi hamda Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi joylashgan. Temir yo‘l texnikasi muzeyi esa Turkiston ko‘chasi bilan tutashgan qismida joylashgan. Shuningdek, O‘zbekiston davlat san’at muzeyi va Forumlar saroyi ham mazkur ko‘cha bo‘ylab qad ko‘targan.
Ko‘cha atrofidagi yashil hududlar poytaxt aholisi uchun so‘lim dam olish maskanlaridan hisoblanadi. Jumladan, Amir Temur va Shahidlar xiyobonlari hamda Yapon bog‘i go‘zal manzarasi va tabiiy muhiti bilan ajralib turadi. Bundan tashqari, “Tashkentland” ko‘ngilochar bog‘i va Toshkent teleminorasi hududning diqqatga sazovor maskanlari sirasiga kiradi.
Mazkur ko‘cha mehmonlar uchun yuqori darajadagi xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini ham taqdim etadi. Bu yerda “O‘zbekiston”, “InterContinental Tashkent”, “AZIMUT Hotel Tashkent” va “City Palace Hotel” mehmonxonalari faoliyat yuritmoqda.
Hudud savdo infratuzilmasi bilan ham ajralib turadi. Jumladan, “Yunusobod” va “Oloy” dehqon bozorlari hamda “Yunusobod Universam” savdo markazi aholiga keng turdagi xizmatlarni taklif etadi.
Xulosa qilib aytganda, Amir Temur shoh ko‘chasi Toshkent shahrining nafaqat muhim transport yo‘nalishlaridan biri, balki uning ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy va madaniy hayotini o‘zida mujassam etgan strategik ahamiyatga ega hudud hisoblanadi. U poytaxtning jadal rivojlanish sur’ati, zamonaviy qiyofasi va boy tarixiy merosini uyg‘unlashtirgan makon sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Kamola Yusupova, Mumtozbegim Abdumo‘minova (surat), O‘zA