Yoshlar bilan muloqot
Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi 41-maktabda bo‘lib o‘tgan uchrashuv oddiy tadbir emas, balki tajriba va ishonch, o‘tmish va kelajakni bog‘lagan ma’naviy ko‘prikka aylandi.
Sud tizimida uzoq yillar samarali faoliyat yuritgan faxriy Nurmat Axmanov o‘zining ilk ta’lim olgan dargohiga kelib, yoshlar bilan yuzma-yuz muloqot qildi. Bu muloqot rasmiy chiqishlardan yiroq, hayot sinovlaridan o‘tgan fikrlar, shaxsiy tajriba va mas’uliyat hissi bilan boy bo‘ldi.
— Bugungi yoshlarimiz uchun eng katta vazifa adolatni anglash va unga sadoqatli bo‘lishdir. Qonunni bilish kifoya emas, uning ruhini his qilish kerak. Chunki adolat avvalo insonning vijdonida shakllanadi.
Uchrashuvda ishtirok etgan nufuzli vakillar bu fikrlarni hayotiy misollar bilan boyitdilar. Xususan, Sudyalar oliy kengashi matbuot kotibi Arslon Eshmurodov adolatni ta’minlashda ochiqlik va ishonchning o‘rni haqida so‘z yuritdi. “Xalq so‘zi” gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari Shuhrat Jabborov esa so‘z va axborotning jamiyat ongiga ta’siri, xolis fikrning qadri haqida to‘xtaldi.
Jizzax viloyat ma’muriy sudi raisi Sarvarbek Rahmonov adolat tizimidagi mas’uliyat va halollik mezonlarini yoshlarga sodda, ammo ta’sirchan misollar orqali tushuntirdi. Sud faxriysi Mitanboy Ravshanov esa o‘z tajribasidan kelib chiqib, kasb va vijdon haqida gapirdi.
Tadbir doirasida Nurmat Axmanovning hayoti va kasbiy faoliyatiga bag‘ishlangan lavha maktab binosiga o‘rnatildi. Bu yoshlarni yuksak maqsadga undaydigan ramzga aylandi.
Eng faol va namunaviy o‘quvchilarning rag‘batlantirilishi, ularga kitoblar hamda shaxmat-shashka to‘plamlari taqdim etilishi esa tadbirning amaliy ahamiyatini yanada kuchaytirdi.
Ochiq muloqot tadbirning eng jonli qismi bo‘ldi. O‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga bevosita javob olib, hayotiy qarorlar qabul qilishda yo‘l-yo‘riq oldilar. Bu esa uchrashuvni rasmiy tadbirdan ko‘ra, tafakkur maktabiga aylantirdi.
Maktab bog‘idagi ko‘chat ekish marosimi esa ma’naviy ramz sifatida ahamiyat kasb etdi. Chunki daraxt ekish bu faqat tabiatga emas, balki kelajakka qo‘shilgan hissadir.
Bugun jamiyat oldida turgan eng dolzarb vazifalardan biri huquqiy ongi yuksak, adolatga sadoqatli yoshlarni tarbiyalashdir. Bu esa faqat darsxonalarda emas, ana shunday muloqotlar, shaxsiy ibrat va ma’naviy ta’sir orqali amalga oshadi.
Jizzaxda o‘tgan ushbu uchrashuv shuni ko‘rsatdiki, adolat kitoblarda yozilgan qoida emas, balki avloddan avlodga o‘tadigan qadriyatdir.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA