Zamonaviy veterinariyani rivojlantirishga innovatsion ishlanmalar keng tatbiq etiladi
Toshkent davlat agrar universitetida “Barqaror chorvachilik rivojida veterinariya ilm-fanining o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro anjumanda Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari S.Abdukarimova, professor-o‘qituvchilar, soha mutaxassislari, Janubiy Koreya, Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan kelgan universitetning hamkor olimlari, shuningdek, xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etdi.
Konferensiyada mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, chorva hayvonlari salomatligini asrash va ularning mahsuldorligini oshirish, zamonaviy veterinariya xizmatlarini rivojlantirish, ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarish bilan uyg‘unlashtirish hamda ilmiy-innovatsion ishlanmalarni amaliyotga keng tatbiq etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Konferensiya doirasida veterinariya sohasida ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish, zamonaviy texnologiya va yondashuvlarni amaliyotga joriy etish, shuningdek, olimlar va soha mutaxassislari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

Tadbir yakunida veterinariya sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilm-fan yutuqlarini amaliyotga joriy etish hamda chorvachilik tarmog‘ining barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan taklif va tavsiyalar bildirildi.
N.Abduraimova,
O‘zA