Zamonaviy ta’lim va taraqqiyot markazi
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, yosh avlodni zamonaviy bilim va kasb-hunar bilan ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida oliy ta’lim tizimi mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Ayniqsa, xususiy oliy ta’lim muassasalarining rivojlanishi sog‘lom raqobat muhitini shakllantirib, ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida inson kapitalini rivojlantirish, zamonaviy fikrlaydigan yoshlarni tarbiyalash hamda ta’lim sifatini xalqaro standartlarga moslashtirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Ushbu maqsadlarni amalga oshirishda xususiy universitetlar muhim o‘rin egallamoqda.
Ana shunday zamonaviy oliygohlardan biri — Renessans universiteti. 2022 yilda tashkil etilgan ushbu oliy ta’lim muassasasi qisqa vaqt ichida innovatsion yondashuvi, zamonaviy ta’lim muhiti va malakali professor-o‘qituvchilari bilan keng e’tibor qozondi.
Universitetning asosiy maqsadi — mehnat bozori talablariga javob beradigan, yuqori raqobatbardosh va zamonaviy bilimlarga ega mutaxassislarni tayyorlash. Shu maqsadda iqtisodiyot, moliya, axborot texnologiyalari, raqamli iqtisodiyot, pedagogika, filologiya, xalqaro munosabatlar, turizm kabi yo‘nalishlarda sifatli ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yilgan.
Universitet huzuridagi ilmiy va xalqaro markazlar ta’lim sifatini oshirishda muhim rol o‘ynamoqda. Xususan, Xitoy tili markazi talabalarga tilni chuqur o‘rganish bilan birga, xalqaro HSK imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rish imkonini beradi. Bu esa talabalarga xorijda ta’lim olish va xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘lish imkoniyatini yaratadi.
Turkiy tillar markazi esa turkiy xalqlar tili, tarixi va madaniyatini o‘rganishga xizmat qilib, ilmiy seminarlar va madaniy tadbirlar orqali yoshlarning milliy o‘zlikni anglashiga hissa qo‘shmoqda.
Universitetdagi eng innovatsion loyihalardan biri — Finlyandiya ta’lim laboratoriyasi. Ushbu loyiha Xelsinki va Yuvyaskyulya universitetlari bilan hamkorlikda amalga oshirilib, zamonaviy pedagogik metodlarni joriy etishga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, pedagogika yo‘nalishidagi talabalar uchun bu katta amaliy ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, universitet qoshidagi “Renessans” bog‘chasi uzluksiz ta’lim tizimini shakllantirishga qaratilgan muhim tashabbusdir. Bu yerda bolalarning intellektual va ijodiy rivoji, xorijiy tillarni o‘rganishi hamda innovatsion tarbiya usullari asosida ta’lim beriladi.
Renessans universitetida zamonaviy texnologiyalar keng joriy etilgan. HEMIS tizimi, elektron kutubxona va virtual ta’lim platformalari talabalarga qulay va samarali o‘qish imkonini yaratadi. Ta’limning o‘zbek, rus va ingliz tillarida olib borilishi esa xalqaro integratsiyani ta’minlaydi.
Universitet xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirib, talabalar uchun akademik almashinuv, xalqaro seminar va konferensiyalarda ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
Bundan tashqari, universitetda ilmiy-amaliy konferensiyalar, intellektual tanlovlar va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar muntazam o‘tkazilib, talabalarning liderlik qobiliyati va erkin fikrlashini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Renessans universiteti nafaqat zamonaviy bilim beruvchi maskan, balki innovatsion g‘oyalar va yuqori malakali kadrlar yetishtiruvchi muhim ilmiy-ma’rifiy markazdir. Kelgusida universitetning xalqaro hamkorliklari va ta’lim dasturlari yanada kengayib, mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishi shubhasiz.
Nurislom XURSANOV,
Renessans universiteti
Xorijiy filologiya kafedrasi mudiri
O‘zA