Vazir va yoshlar muloqoti
Yoshlarga tayangan yurtning kelajagi shubhasiz yorug‘ bo‘ladi. Zero, yoshlikdagi shijoat va matonat millat ertasining buyukligini ta’minlaydi. Mamlakatimizda olib borilayotgan siyosat ham aynan shunga qaratilgan. O‘z g‘oyasi va maqsadi bor yoshlarga bugungi siyosat cheksiz imkoniyatlar maydoni desak, yanglishmaymiz.
Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy etilgan Yoshlar kuni ham yuksak marralar sari qo‘yilayotgan dadil va ildam qadam bo‘lgani sir emas. Har hafta payshanba kuni ulkan g‘oyalarning poydevori sifatida haqiqiy bayramga aylanmoqda. Rahbar va yoshlar uchrashuvining an’anaviy davomi o‘laroq, "Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" milliy tadqiqot universitetida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov ishtirokida talaba-yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.


Uchrashuvda yurtimiz oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, ta’lim sifati va ilm-fan salohiyatini yuksaltirish, innovatsion muhitni rivojlantirish hamda zamonaviy va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash masalalari xususida atroflicha fikr almashildi.
Muloqot davomida talabalarning startap va innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, xorijiy tillarni puxta o‘rganish, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni o‘zlashtirish, ilmiy faollikni oshirish, yoshlar bandligini ta’minlash kabi dolzarb yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi.


Talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar, taklif va tashabbuslari bilan faol ishtirok etib, ta’lim tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Yakunda bildirilgan takliflar va ilgari surilgan tashabbuslar bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berildi.
Sherbek Islomov, O‘zA