Zamonaviy talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida Guliston davlat pedagogika institutida talaba-yoshlar uchun mo‘ljallangan yangi, zamonaviy talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi. 400 o‘ringa mo‘ljallangan mazkur besh qavatli inshoot institutda ta’lim olayotgan yoshlarning yashash sharoitlarini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yangi o‘quv yili oldidan mamlakatimizda oliy ta’lim muassasalarining infratuzilmasini rivojlantirish, talabalar uchun munosib yashash va ta’lim olish muhitini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar doirasida qator hududlarda yangi o‘quv binolari, talabalar turar joylari va boshqa zarur ob’ektlar barpo etilmoqda.
Ana shunday loyihalarning navbatdagisi Guliston davlat pedagogika institutida davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirildi. “MEGAMIR STROY 55” MCHJ tomonidan qurilgan inshootning umumiy qiymati 32 milliard so‘mni tashkil etadi.
Yangi maskanning ochilish marosimi respublikada bir vaqtning o‘zida bir nechta oliy ta’lim muassasalarida yangi ob’ektlarni foydalanishga berishga bag‘ishlangan tadbir doirasida o‘tkazildi. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti markaziy maydon sifatida belgilangan tadbirda onlayn teleko‘prik orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Samarqand, Navoiy, Namangan, Sirdaryo, Farg‘ona va Xorazm viloyatlaridagi oliy ta’lim muassasalari bilan muloqot o‘rnatildi.
Gulistondagi tadbirda institut rektori Jahongir Karshibayev, viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Otabek Mavlonberdiyev, professor-o‘qituvchilar, nuroniylar, talabalar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
[gallery-31062]
Besh qavatli talabalar turar joyida yoshlarning kundalik ehtiyojlarini inobatga olgan holda zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Bunday muhit talabalarning darsdan keyingi vaqtini samarali tashkil etishi, mustaqil ta’lim bilan shug‘ullanishi, kitob mutolaa qilishi, ilmiy va ijodiy izlanishlarga vaqt ajratishi uchun qo‘shimcha imkoniyat beradi.
Institutning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Nurbek Ayaqulov yangi maskanning ahamiyati xususida to‘xtalar ekan, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar ularning ta’lim va ilmiy faoliyatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi.
— Talabalar turar joyining foydalanishga berilishi yoshlar uchun munosib yashash muhitini shakllantirish bilan birga, ularning ta’lim va ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga ham xizmat qiladi. Bu yerda talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi, mustaqil ta’lim olishi, ilmiy izlanishlar olib borishi uchun zarur imkoniyatlar mavjud. Ayniqsa, ilm-fan va innovatsiyalarga qiziquvchi yoshlar uchun qulay muhit yaratilishi muhim. Chunki talaba o‘zini qanchalik erkin va qulay his qilsa, uning bilim olish, izlanish va yangi g‘oyalar ustida ishlash imkoniyati ham shunchalik ortadi, — deydi institutning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Nurbek Ayaqulov.
Yangi turar joy, avvalo, boshqa hududlardan kelib tahsil olayotgan talabalar uchun katta qulaylik yaratadi. Ular endi ta’lim muassasasiga yaqin hududda zamonaviy sharoitda yashab, o‘quv jarayoniga to‘liq e’tibor qaratish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Mutaxassis tayyorlash sifati faqat auditoriyadagi ta’lim jarayoni bilan emas, balki talaba uchun yaratilgan umumiy muhit bilan ham chambarchas bog‘liq. Shu nuqtai nazardan, yangi turar joyning barpo etilishi Guliston davlat pedagogika institutining ta’lim infratuzilmasini kengaytirish, talabalarning ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash va ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun imkoniyatlarni oshirishga xizmat qiladi.
Ayni paytda mamlakatda yoshlarning bilim olishi, kasb-hunar egallashi va ilmiy salohiyatini namoyon etishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan ishlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Gulistondagi mazkur yangi maskan ham ana shu ezgu maqsadlarning amaliy natijalaridan biri bo‘lib, 400 nafar talaba uchun qulay yashash muhitini ta’minlaydi.
Zero, zamonaviy ta’lim infratuzilmasi — malakali kadrlar tayyorlashning muhim tarkibiy qismi. Bugun talaba uchun yaratilgan qulay sharoit ertaga uning bilim va salohiyatini mamlakat taraqqiyoti yo‘lida samarali namoyon etishiga imkon beradi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA