Raqamli xavfga ishonchli himoya
Bugun tadbirkorlikni raqamli texnologiyalarsiz tasavvur qilish qiyin. Elektron to‘lovlar, onlayn xizmatlar, ijtimoiy tarmoqlar va turli raqamli platformalar biznes yuritishda katta qulaylik yaratmoqda. Biroq imkoniyatlar kengaygani sari kiberxavflar ham ortib bormoqda. Shu bois tadbirkorning raqamli xavfsizligi bugun oddiy ehtiyot chorasi emas, balki biznes barqarorligining muhim shartiga aylandi.
O‘zLiDePning “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida Sirdaryo viloyatida tadbirkorlarni kiberxavflardan himoya qilish va ularning raqamli savodxonligini oshirishga qaratilgan “Kiberxavfsiz tadbirkorlik” aksiyasi o‘tkazildi.
Unda Sirdaryo viloyati hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nargiza Tojibayeva, O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi, Savdo-sanoat palatasi viloyat boshqarmasi, Sirdaryo viloyati Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi, viloyat Soliq boshqarmasi vakillari, tadbirkorlar hamda hunarmandlar ishtirok etishdi.

Tadbirda asosiy e’tibor bugun keng tarqalayotgan internet firibgarligi va boshqa kiberjinoyatlardan saqlanish masalalariga qaratildi. Sirdaryo viloyati Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi katta inspektori Avazbek Olimboyev tadbirkorlarga kiberhujumlarning keng tarqalgan turlari, ulardan himoyalanish usullari va raqamli xavfsizlik qoidalari haqida ma’lumot berdi.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, kiberxavf ko‘pincha murakkab texnologiyadan emas, balki bir lahzalik e’tiborsizlikdan boshlanadi. Shubhali havolani ochish, soxta saytga ma’lumot kiritish yoki begona shaxsga bank kartasi ma’lumotlari va SMS orqali kelgan tasdiqlash kodini berish jiddiy zararga olib kelishi mumkin.

Shu bois tadbirkorlarga bank kartasi ma’lumotlarini begonalarga oshkor qilmaslik, shubhali xabar va havolalarni ochmaslik, akkauntlarda mustahkam parollardan foydalanish, ikki bosqichli himoyani yoqish kabi oddiy, ammo muhim qoidalarga amal qilish tavsiya etildi.
Uchrashuv davomida tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, mutaxassislardan amaliy tavsiyalar oldi. Bu esa kiberxavfsizlik masalasi har bir tadbirkorning kundalik faoliyatiga bevosita daxldor ekanini ko‘rsatdi.
Aksiya doirasida tadbirkorlar bilan onlayn va oflayn targ‘ibot ishlari ham kuchaytirilmoqda. Internet firibgarligining keng tarqalgan usullari, elektron to‘lovlar xavfsizligi, shaxsiy va korporativ ma’lumotlarni muhofaza qilish bo‘yicha tushuntirishlar berilmoqda.

Zero, bugun biznesning raqamli imkoniyatlaridan samarali foydalanish qanchalik muhim bo‘lsa, uni kibertahdidlardan asrash ham shunchalik zarur. Chunki kiberxavfsizlik nafaqat mablag‘ va ma’lumotlarni, balki tadbirkorning obro‘si, mijozlar ishonchi va biznesning barqarorligini ham himoya qiladi.
Sirdaryoda o‘tkazilayotgan bunday targ‘ibot tadbirlari tadbirkorlarni raqamli tahdidlardan ogohlantirish bilan birga, ularda kiberxavfsizlik madaniyatini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Raqamli muhitda xavfsizlikni ta’minlash esa ishonchli va barqaror biznesning muhim poydevoridir.

— Bugungi kunda raqamli texnologiyalar tadbirkorlik faoliyatini yanada qulay va samarali tashkil etishda muhim o‘rin tutmoqda. Biroq raqamli imkoniyatlar bilan birga turli kiberxavflar ham ortib borayotgani sir emas. Shu bois tadbirkorlarning kibersavodxonligini oshirish, ularni internet firibgarligi va boshqa raqamli tahdidlardan himoya qilish bo‘yicha tushuntirish ishlarini kuchaytirish muhim deb hisoblayman. Ayniqsa, xotin-qizlar orasida tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan, elektron to‘lovlar va onlayn xizmatlardan foydalanayotgan fuqarolarning raqamli xavfsizlik qoidalarini yaxshi bilishi zarur. Bugungi muloqotda aynan shu masalalarga e’tibor qaratilgani, ishtirokchilarning o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan aniq javob va amaliy tavsiyalar olgani tadbirning ahamiyatini yanada oshirdi. Bunday targ‘ibot tadbirlari aholi, ayniqsa, tadbirkor xotin-qizlarni raqamli xavflardan xabardor qilish va ularda xavfsizlik ko‘nikmalarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi, — deydi Guliston shahar hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Aziza Fayziyeva.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri