Zamonaviy angiografiya bo‘limi faoliyat boshladi
Navoiy shahridagi “NKMK jamg‘armasi” davlat muassasasi Tibbiy sanitariya bo‘limida aholiga ixtisoslashtirilgan kardiologik va endovaskulyar yordamni yanada yaqinlashtirish maqsadida zamonaviy angiografiya bo‘limi faoliyat boshladi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda yurtimizda sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadi aholiga sifatli, zamonaviy va hammabop tibbiy xizmatni ta’minlashdan iborat. Bugun tibbiy yordam faqat poytaxt yoki yirik markazlardagina emas, balki hududlarda ham yuqori texnologiyalar asosida tashkil etilayotgani mazkur islohotlarning eng muhim natijalaridan biridir.

Yangi bo‘limda koronarografiya, koronar arteriyalarni stentlash, tug‘ma va orttirilgan yurak nuqsonlarini endovaskulyar usulda davolash, periferik qon tomirlarda intervension muolajalar hamda bachadon miomasini embolizatsiya qilish kabi yuqori texnologiyali amaliyotlar yo‘lga qo‘yildi. Ushbu muolajalarning asosiy afzalligi shundaki, ular katta jarrohlik amaliyotini talab etmaydi. Bu esa bemorning tezroq sog‘ayishi, asoratlar xavfining kamayishi va qisqa muddatda kundalik hayotiga qaytishiga xizmat qiladi.

– Yurak-qon tomir kasalliklari bugungi kunda jahon miqyosida o‘lim holatlarining asosiy sabablaridan biri hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, angiografiya bo‘limining ishga tushirilishi yuzlab insonlar hayotini saqlab qolish imkoniyatini yaratadi, – deydi Tibbiy-sanitariya bo‘limi boshlig‘i Alisher To‘qsanov. – Yangi angiografiya majmuasi yordamida koronar, uyqu va son arteriyalarida angiografik tekshiruvlar o‘tkazish, o‘tkir miokard infarkti kabi shoshilinch holatlarda qon tomirlarga stent o‘rnatish, shuningdek, bachadon miomasini embolizatsiya qilish kabi yuqori texnologiyali endovaskulyar amaliyotlarni amalga oshirish mumkin bo‘ldi. Bu esa aholiga ilg‘or tibbiy xizmatlarni o‘z hududida, ortiqcha vaqt yo‘qotmasdan olish imkoniyatini yaratadi.

Bo‘lim uchun qiymati 810 ming AQSH dollari bo‘lgan zamonaviy angiografiya apparati xarid qilindi. Bundan tashqari, tibbiy sarf materiallari uchun 1,1 milliard so‘m, reanimatsiya va narkoz apparatlari, defibrillyatorlar hamda boshqa zarur tibbiy jihozlar uchun 815 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri