Qo‘qon davlat universiteti delegatsiyasi xalqaro ta’lim va ilmiy hamkorlikni kengaytirmoqda
Qo‘qon davlat universiteti delegatsiyasi Hindistonning Vadodara shahrida joylashgan Parul universitetida o‘tkazilayotgan International Staff Teaching and Training Week – 2026 xalqaro akademik dasturida ishtirok etmoqda.
Mazkur dastur turli mamlakatlardan tashrif buyurgan professor-o‘qituvchilar o‘rtasida ta’lim, ilmiy tadqiqotlar va xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari universitetdagi ta’lim jarayoni, zamonaviy o‘quv laboratoriyalari, ilmiy markazlar hamda raqamli ta’lim infratuzilmasi bilan yaqindan tanishmoqda. Shuningdek, professor-o‘qituvchilar uchun tashkil etilgan malaka oshirish kurslari, seminarlar va mahorat darslarida faol ishtirok etib, ilg‘or tajribalarni o‘rganmoqda.

Dastur davomida xorijiy oliy ta’lim muassasalari vakillari bilan o‘zaro tajriba almashish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, akademik mobillikni kengaytirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda talaba va professor-o‘qituvchilar almashinuvini faollashtirish masalalari yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.
Mazkur tashrif Qo‘qon davlat universitetining xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, ta’lim sifatini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish hamda istiqbolda yangi qo‘shma ta’lim va ilmiy loyihalarni amalga oshirish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Hamroz Bayonov, O‘zA