“Zakovat” — bilim va tafakkur maydoni
Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasining birinchi bosqich talabalari o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini doirasida saralash turniri bo‘lib o‘tdi.

Bilimdon va zukko yoshlarni aniqlash, ularning intellektual salohiyati hamda mantiqiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan bellashuvda Hayot faoliyati xavfsizligi, Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi hamda Kimyo muhandisligi yo‘nalishlari talabalaridan tarkib topgan “Sheryuraklar”, “Matonatli yoshlar”, “Shijoatli yoshlar”, “Everest” va “Alximik” jamoalari ishtirok etdi.
Bahslar davomida jamoalar o‘zlarining bilim, tezkor fikrlash, mantiqiy mushohada yuritish va jamoaviy hamkorlik borasidagi mahoratini namoyon etdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, “Sheryuraklar” jamoasi munosib natija qayd etib, saralash turnirining g‘olibi bo‘ldi.

Tadbirda qayd etilganidek, yoshlar o‘rtasidagi bu kabi intellektual o‘yinlarning muntazam tashkil etilishi yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda ularning intellektual va ma’naviy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
G. Boboyeva,O‘zA