«3 kunda davolaymiz» — reklamadagi va’da qonunga to‘g‘ri keladimi?
So‘nggi vaqtlarda Raqobat qo‘mitasi tomonidan tibbiy xizmatlar reklamasida «kasallikdan bir umrga xalos qilamiz», «mutlaqo xavfsiz», «3 kunda davolaymiz», «hech qanday nojo‘ya ta’siri yo‘q» kabi iboralardan foydalanish holatlari kuzatilayotgani qayd etilmoqda.
Bunday reklama nafaqat iste’molchini chalg‘itishi, balki qonunchilik talablarining buzilishiga ham olib kelishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining «Reklama to‘g‘risida»gi qonuni 16-moddasiga muvofiq, noaniqligi, bo‘rttirib yuborilishi yoki boshqa talablar buzilishi natijasida reklamadan foydalanuvchilarni chalg‘itadigan yoki chalg‘itishi mumkin bo‘lgan nomaqbul reklama taqiqlangan.
Shuningdek, tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun berilgan litsenziyada ko‘rsatilmagan xizmatlarni reklama qilishga ham yo‘l qo‘yilmaydi.
Qonunning 47-moddasiga ko‘ra, nomaqbul reklama berganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 70 baravari miqdorida jarima qo‘llanilishi mumkin.
Bundan tashqari, «Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 7-moddasida noto‘g‘ri reklama yoki axborot oqibatida iste’molchiga yetkazilgan zarar ishlab chiqaruvchi, ijrochi yoki sotuvchi tomonidan to‘liq qoplanishi belgilangan.
Nigora Rahmonova,
O‘zA