YUNESKOda Movarounnahr buyuk allomalari merosi taqdimot qilindi
Davlatimiz rahbari buyuk ajdodlarimiz Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiyning ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish hamda keng targ‘ib etish zarurligini alohida ta’kidlagan edi. Shuningdek, Prezidentimiz ushbu bebaho xazinani jahon hamjamiyatiga tanitish maqsadida, Parijdagi YUNESKO Bosh qarorgohi hamda BMTning Jeneva va Nyu-Yorkdagi nufuzli maydonlarida taqdim etish tashabbusini ilgari surgan edi.
YUNESKO Bosh qarorgohida 300 nafardan ziyod olim, diplomat va yetakchi xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbir Markaziy Osiyoning ilmiy va ma’naviy merosini jahon hamjamiyatiga taqdim etish yo‘lida muhim bosqich bo‘ldi.
«Islom sivilizatsiyasi: Movarounnahrning buyuk ma’naviy va ilmiy merosi hamda ma’rifat ufqlari» mavzusidagi mazkur xalqaro konferensiya Markaziy Osiyo olimlarining jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi hamda ilm-fan, madaniyat va ta’lim sohalarida xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalariga bag‘ishlandi.
Anjumanda YUNESKO rahbariyati, diplomatik korpus, xalqaro tashkilotlar, yetakchi universitetlar, ilmiy institutlar, muzey va kutubxonalar vakillari qatnashdi.
– Ushbu tadbir Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2025-yil 23-sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasida ilgari surilgan tashabbusning amaliy ifodasi bo‘ldi. Bu juda muhim va tarixiy qadamdir, – dedi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov.
Konferensiya ishtirokchilariga YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi Prezidenti Hongker M. Talxa janoblari hamda YUNESKO Ijroiya kengashi raisi doktor Nosir bin Hamad al-Hinzob tabrik so‘zlari bilan murojaat qildi.
«Bugun bizni asrlar davomida xalqlar o‘rtasidagi muloqotga asos bo‘lib xizmat qilgan umumiy ma’naviy va madaniy meros birlashtirib turibdi. Aynan o‘zaro anglashuv va hamkorlik ruhi YUNESKO faoliyatining asosini tashkil etadi. Birlashgan Millatlar Tashkilotida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan xalqaro tashabbusning davomi bo‘lgan bunday muhim tadbirni tashkil etgani uchun O‘zbekiston Hukumati va YUNESKOga samimiy minnatdorlik bildiraman, — deya ta’kidladi Hongker M. Talxa.

Shuningdek, konferensiya ishtirokchilariga O‘zbekistonning YUNESKOdagi Doimiy vakili, Favqulodda va muxtor elchi Kamol Muxtorov hamda YUNESKO Bosh direktorining tabiiy fanlar bo‘yicha o‘rinbosari, professor Deniz Pires de Karvalyu murojaat qildi.
Konferensiyaning markaziy voqeasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi taqdimoti bo‘ldi. Unda xalqaro hamjamiyatga Markazning o‘ziga xos konsepsiyasi, keng ko‘lamli ilmiy va muzey ishlari natijalari, shuningdek, faoliyatining asosiy yo‘nalishlari taqdim etildi.
Oksford islom tadqiqotlari markazi direktori Farhan Nizomiy Markaziy Osiyoning madaniy boyligini alohida ta’kidladi.
– Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro maydonda, xususan, YUNESKOda taqdim etilishi juda muhim. O‘zbekistonga borib, markazni ko‘rish imkoniga ega bo‘lmagan insonlar, hech bo‘lmaganda uni YUNESKOda ko‘rishlari mumkin. Bu orqali Islom sivilizatsiyasining tinchlik, ilm-fan va madaniyat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi namoyon etilmoqda. Shuningdek, Islom sivilizatsiyasini doimiy qo‘llab-quvvatlab kelayotgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga o‘z minnatdorligimni bildiraman, – dedi ISESCO bosh direktori doktor Salim Al-Malik o‘z ma’ruzasida.
Shuningdek, Fransiyada Temuriylar tarixi va san’atini o‘rganish assotsiatsiyasi prezidenti Frederik Bressan ham Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro ahamiyatini yuqori baholadi.
Konferensiyaning ilmiy dasturi Markaziy Osiyoning ma’naviy va intellektual merosi, Islom sivilizatsiyasi markazining ilm-fan va madaniyat sohasidagi xalqaro platforma sifatidagi o‘rni, shuningdek, Movarounnahr buyuk allomalarining jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasiga bag‘ishlangan uchta tematik sessiyani qamrab oldi.
A.RUSTAMOV,
O‘zA