Shavkat Mirziyoyevning mintaqaviy hamkorlikka oid tashabbuslari Ozarbayjon davlat gazetasida e’lon qilindi
Ozarbayjon Respublikasining rasmiy “Azerbayjan” davlat gazetasi Prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvida ilgari surgan tashabbuslariga bag‘ishlangan maqola e’lon qildi.
Materialda O‘zbekiston rahbarining savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, qo‘shma ishlab chiqarishni rivojlantirish va transport hamkorligini kuchaytirish bo‘yicha takliflariga e’tibor qaratilgan.
Nashrning yozishicha, Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonning Markaziy Osiyo va boshqa mintaqalar o‘rtasidagi iqtisodiy hamda transport aloqasini mustahkamlashdagi o‘rnini qayd etgan. Bu borada savdo, transport, energetika, sanoat va yangi texnologiya sohasida birgalikda ishlash uchun keng imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlangan.
Maqolada davlatimiz rahbarining qo‘shma sanoat-texnologik zanjirlarini shakllantirish, umumiy raqamli xizmatlarni rivojlantirish hamda yirik loyihalarni tezkor amalga oshirishga xizmat qiluvchi investitsiya mexanizmlarini yaratish borasidagi tashabbuslariga alohida e’tibor qaratilgan.
Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Olti mamlakat – bir mahsulot” tamoyiliga ham to‘xtalib o‘tilgan. Ushbu taklif mintaqa korxonalarini yagona ishlab chiqarish zanjiriga birlashtirish hamda tayyor mahsulotlarni hamkorlikda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu bilan birga, materialda Maslahat uchrashuvlari formatidagi hamkorlikning huquqiy asoslarini takomillashtirish, qabul qilingan hujjatlarning amaliy ijrosini ta’minlash bo‘yicha bildirilgan takliflar yoritilgan. Xususan, davlatimiz rahbari kelgusi yil Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjonning qo‘shma biznes-forumini tashkil etish tashabbusini ilgari surgani qayd etilgan.
D.HAKIMOV,
O‘zA