Yozgi sog‘lomlashtirish mavsumi uyushqoqlik bilan davom etmoqda
Qashqadaryo viloyatida bolalarning yozgi ta’tili mazmunli va xavfsiz tashkil etilmoqda. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-noyabrdagi “Bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sog‘lomlashtirish ishlarini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda.
Joriy mavsumda viloyatdagi 17 ta statsionar bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida 23 ming 170 nafar o‘quvchining dam olishi rejalashtirilgan. Ular orasida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlariga ham alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, 4 ming 662 nafar bolaning oromgohlarda dam olishi ta’minlanmoqda.
Mavsumni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida viloyatda maxsus shtab va tezkor ishchi guruhlar faoliyat yuritmoqda. Barcha oromgohlarda xavfsizlik, tibbiy xizmat, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi hamda bolalarning mazmunli hordiq chiqarishi doimiy nazoratga olingan.
Bu yil oromgohlarda bolalarning qiziqishlaridan kelib chiqib, kulolchilik, yosh innovatorlar, muhandislik va ixtirochilik, kitobxonlik, dizayn, zardo‘zlik, milliy va zamonaviy raqslar kabi yangi to‘garaklar tashkil etildi. Shuningdek, sport musobaqalari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, teatr va konsert dasturlari, muzeylar hamda tarixiy qadamjolarga sayohatlar yo‘lga qo‘yilgan.
Ayni kunlarda Shahrisabz shahridagi “Beruniy” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida ham yozgi mavsum qizg‘in davom etmoqda. Mavsum mobaynida to‘rt navbatda qariyb 2 ming nafar bolaning dam olishi rejalashtirilgan. Har bir navbatda 400 nafardan ortiq bola tabiat qo‘ynida joylashgan oromgohda sog‘lomlashtirish va dam olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Oromgohda bolalar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Tajribali tarbiyachilar rahbarligida turli tanlov va musobaqalar, qo‘g‘irchoq teatri, sirk tomoshalari, konsert dasturlari va ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etilmoqda. Shu bilan birga, “Sportni sev, sport bilan yasha” shiori ostida shaxmat, shashka, stol tennisi, voleybol, futbol va kibersport bo‘yicha bellashuvlar o‘tkazilmoqda. Rassomchilik hamda chet tillari bo‘yicha to‘garaklar ham bolalarning eng sevimli mashg‘ulotlaridan biriga aylangan.
– Bu yerda juda maza qilib dam olyapmiz. Qiziqarli to‘garaklar va sport musobaqalarida ishtirok etib, vaqtni mazmunli o‘tkazyapmiz. Yangi do‘stlar orttirdik, turli tanlovlarda qatnashib, yaxshi natijalarga erishmoqdamiz, – deydi Qarshi tumanilik dam oluvchi Humoyun Qahramonov.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, har bir navbati 12 kundan iborat bo‘lgan sog‘lomlashtirish dasturi bolalarning nafaqat mazmunli dam olishi, balki ularning ijodiy va intellektual salohiyatini rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirishga ham xizmat qilmoqda.
[gallery-30139]
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari