Tantanali ruhda o‘tdi
Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumani hududida joylashgan Milliy gvardiya Ixtisoslashtirilgan o‘quv markazida navbatdagi bitiruvchilarga sertifikatlar topshirildi hamda Milliy gvardiya safida xizmat qilish istagini bildirgan yosh askarlarning harbiy qasamyod qabul qilish marosimi tantanali ruhda bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Milliy gvardiya qo‘mondonligi, Sirdaryo viloyati hokimligi, Guliston harbiy prokuraturasi, Milliy gvardiyaning Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi, Sirdaryo viloyati Mudofaa ishlar boshqarmasi, Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi, viloyat Nuroniylar kengashi vakillari, harbiy faxriylar, yosh askarlarning ota-onalari, ommaviy axborot vositalari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.


Marosimda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda yuksak mas’uliyat, intizom va Vatanga sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlashga qaratilgan ishlar izchil davom etayotganini ta’kidladilar. Yosh askarlarga sharafli va mas’uliyatli xizmat faoliyatida muvaffaqiyatlar, mustahkam iroda va xalq ishonchini oqlash yo‘lida omad tiladilar.

Tadbir davomida Ixtisoslashtirilgan o‘quv markazini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi. Shundan so‘ng yosh askarlar davlat bayrog‘i oldida harbiy qasamyod qabul qilib, O‘zbekiston Respublikasining mustaqilligi, xalq tinchligi va yurt xavfsizligini himoya qilishga, xizmat burchini vijdonan va sidqidildan bajarishga qasamyod qildilar.

Marosimning amaliy qismida yosh harbiy xizmatchilar qo‘l jangi usullari, saf tayyorgarligi va maxsus jismoniy mashqlar bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar qilishdi. Mazkur chiqishlardagi yuqori tayyorgarlik, epchillik va jamoaviy uyg‘unlik yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Tantanali marosim Vatan himoyasi yo‘lini tanlagan yoshlar uchun nafaqat xizmatning yangi bosqichi, balki xalq va mamlakat oldidagi muqaddas burchni ado etishga berilgan sadoqat qasamining amaliy ifodasi bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri