Yoshlar yetakchilari bilimini oshirmoqda
Jizzax viloyatining Baxmal tumanida mahalla yoshlari yetakchilari uchun “Mahalla yettiligi” a’zolarining malakasini oshirishga qaratilgan ikki kunlik o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda yoshlar bandligini ta’minlash, ishsiz yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish, yoshlar bilan manzilli ishlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish kabi muhim masalalarga e’tibor qaratildi. Mashg‘ulotlarda zarur bilimlar bilan birga, mahalladagi mavjud muammolarni aniqlash va ularga amaliy yechim topish ko‘nikmalari ham mustahkamlandi.


Zero, yoshlar yetakchisining vazifasi faqat ro‘yxat tuzish yoki ma’lumot jamlash bilan cheklanmaydi. Uning asosiy mezoni – mahalladagi har bir yoshning dardi va ehtiyojini bilish, ishsiz bo‘lsa bandligini ta’minlash, kasb o‘rganish istagini qo‘llab-quvvatlash, muammoga duch kelganida yechim izlashdan iborat.
Bugun bu vazifalar mahalla hayotidagi umumiy maqsad bilan uyg‘unlashmoqda. “Mahalla yettiligi”ning faoliyatida ham aholi muammolarini manzilli hal etish, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish, jinoyatchilikning oldini olishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning 2026-yil 24-iyundagi “Mahalla boshqaruvini samarali tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar ham mahalladagi ana shu ishlarni yanada tizimli tashkil etishga xizmat qilmoqda.


Baxmaldagi o‘quv-seminarning ahamiyati shundaki, ikki kunlik mashg‘ulotlarda olingan bilim va ko‘nikmalar endi mahallalardagi amaliy ishda o‘z samarasini ko‘rsatishi kerak. Chunki yoshlar bilan ishlashda natija qog‘ozdagi raqam emas, o‘z yo‘lini topgan, ishli bo‘lgan, kasb egallagan va kelajagiga ishonch bilan qadam qo‘yayotgan yosh taqdirida namoyon bo‘ladi.

Mahallada sifatli ishlash, avvalo, yoshni eshitishdan boshlanadi. Shularni tushunish va qo‘llab-quvvatlash esa ertangi natijaga qo‘yilgan mustahkam qadamdir.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri