Imkoniyat bor joyda intilish ham bo‘ladi
Surxondaryo viloyati Denov tumani Nuriston mahallasida yashovchi Sundur Jumayev hayotidagi murakkab sinovlarga qaramay, o‘z imkoniyatlarini ishga solib, mehnat qilishga intilib kelmoqda.
Bolaligidan poliomiyelit xastaligini orttirgan, I guruh nogironligi bo‘lgan Sundur Jumayev bugun milliy qadriyatlarimizdan biri — surma tayyorlash bilan shug‘ullanyapti.
U 2018-yilda oilasi bilan Nuriston mahallasiga ko‘chib kelgan. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oila uchun yer ajratilib, davlat tomonidan uy-joy qurib berildi. Shundan buyon Jumayevlar oilasi shu xonadonda istiqomat qilib kelyapti.
S. Jumayev oila a’zolari bilan birgalikda ayollar uchun mo‘ljallangan milliy surma tayyorlashni yo‘lga qo‘ygan. Bu mashg‘ulot oilaga milliy an’anani davom ettirish bilan birga, mehnat orqali qo‘shimcha daromad topish imkonini ham bermoqda.
[gallery-31554]
Xonadon Ijtimoiy reyestrning davlat ta’minotidagi oila toifasiga kiritilgan. Sundur Jumayevga nogironlik aravachasi berilgan, farzandlari uchun nafaqa va moddiy yordam tayinlangan. Elektr energiyasi hamda tabiiy gaz xarajatlari uchun kompensatsiya ajratilgan.
Shuningdek, uy-joyni oilaning ehtiyojlariga moslashtirish maqsadida 60 million so‘m miqdorida yordam ko‘rsatilgan. Farzandining maktabgacha ta’lim tashkilotidagi xarajatlari ham qoplab berilmoqda.
– Davlatimiz tomonidan bizga ko‘rsatilayotgan e’tibor va yaratilayotgan imkoniyatlardan mamnunman, - deydi Sundur Jumayev. – Inson uchun eng muhimi – o‘zini kerakli, qadrlangan va jamiyatning bir bo‘lagi ekanini his qilib yashash. Bugun yaratilayotgan imkoniyatlar tufayli men ham o‘z mehnatim bilan oilamga daromad keltira olishdek sharafga muyassar bo‘lyapman.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat, video), O‘zA