Yoshlar - Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining hal qiluvchi kuchi
Bugun mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan yuksak e’tibor davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida izchil davom etmoqda. Inson kapitaliga sarmoya kiritish, bilimli, zamonaviy fikrlaydigan va raqobatbardosh yosh avlodni voyaga yetkazish Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim sharti hisoblanadi.
30-iyun - Yoshlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yurtimiz yoshlari bilan o‘tkazgan uchrashuvi mazkur yo‘nalishdagi islohotlarning navbatdagi muhim bosqichini belgilab berdi. Davlatimiz rahbari nutqida islohotlarning ilk kunlaridanoq yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish davlat siyosatining ustuvor vazifasi etib belgilanganini ta’kidladi. Shu bilan birga, bugungi global raqobat sharoitida mamlakatlar taraqqiyoti, avvalo, bilim, texnologiya va inson kapitaliga bog‘liq ekanini qayd etib, yoshlarni ilm-fan, innovatsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni chuqur egallashga chaqirdi.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbus va g‘oyalar oliy ta’lim muassasalari zimmasiga ham ulkan mas’uliyat yuklaydi. Chunki universitetlar nafaqat yuqori malakali mutaxassislar tayyorlaydi, balki mustaqil fikrlaydigan, yuksak ma’naviyatli, Vatan taqdiri uchun mas’uliyatni chuqur his etadigan avlodni kamolga yetkazadi.
Ayniqsa, Prezidentimizning “Yoshlar Uchinchi Renessans poydevorini yaratadigan asosiy kuch bo‘lishi kerak”, degan g‘oyasi mamlakatimiz yoshlari uchun dasturilamal vazifasini o‘taydi. Bu chaqiriq Sharq sivilizatsiyasining boy ilmiy va madaniy merosini o‘rganishga ixtisoslashgan Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti jamoasi uchun ham alohida ahamiyatga ega.
Zero, sharqshunoslik faqat til va madaniyatni o‘rganish emas. Bu soha O‘zbekistonning geosiyosiy manfaatlari, iqtisodiy hamkorligi va madaniy diplomatiyasini xalqaro maydonda munosib ifoda etadigan yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga xizmat qiladi. Shu ma’noda, davlatimiz rahbari belgilab bergan ustuvor vazifalar yoshlarning xalqaro raqobatbardoshligini oshirish, xorijiy tillarni mukammal egallash, milliy qadriyatlarga sadoqat va keng dunyoqarashni shakllantirish universitetimiz faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bilan hamohangdir.
Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida ham mazkur vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Talabalarning sifatli ta’lim olishi, sharq va xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirishi, ilmiy tadqiqotlar bilan shug‘ullanishi, xalqaro ta’lim dasturlari hamda akademik almashinuv loyihalarida ishtirok etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Shu bilan birga, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, volontyorlik harakatlari va jamoatchilik faolligini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bugun universitet yoshlari innovatsion g‘oyalar, startap loyihalar, raqamli ta’lim texnologiyalari hamda xorijiy tillarni o‘qitishning ilg‘or uslublari ustida samarali faoliyat yuritmoqda. Prezidentimiz tomonidan e’lon qilingan yangi loyihalar, grant dasturlari va yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar esa ularning ilmiy salohiyatini yanada yuksaltirish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Ayniqsa, sharqshunoslik sohasida tahsil olayotgan yoshlarning bir nechta xorijiy tillarni egallashi, xalqaro munosabatlar, diplomatiya, iqtisodiyot va madaniy aloqalar sohalarida chuqur bilim olishi mamlakatimiz tashqi aloqalarini yanada mustahkamlaydigan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, yoshlarning bilim va salohiyati mamlakatning eng katta boyligidir. Bu ishonch biz, pedagoglar va oliy ta’lim muassasalari rahbarlari zimmasiga yanada yuksak mas’uliyat yuklaydi. Universitetimiz jamoasi har bir talabaning iqtidorini yuzaga chiqarish, uning ilmiy, intellektual va ma’naviy kamoloti uchun zamonaviy ta’lim muhitini yanada takomillashtirish yo‘lida bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etadi.
Yoshlar kuni munosabati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv mamlakatimiz yoshlari uchun yangi marralar sari dadil intilish, ezgu maqsadlar yo‘lida yanada faol bo‘lishga kuchli ruhiy turtki berdi. Ishonamanki, bilimli, tashabbuskor, vatanparvar va yuksak ma’naviyatli yoshlarimiz Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib, yurtimiz ravnaqi va xalqaro nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Qudratilla Omonov,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori