Davlatchilik ko‘zgusi va milliy o‘zlik ifodasi
Uch ming yillik davlatchilik an’analari, xalqning orzu-umidlari va milliy o‘zlikni mujassam etgan Davlat gerbi O‘zbekistonning tarixiy vorislik asosidagi kelajak yo‘lini belgilab beruvchi o‘ziga xos ramzdir.
2-iyul — O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi
qabul qilingan kun
Ajdodlar tamg‘asidan davlat ramzigacha
Davlat ramzlari, xususan, gerblarning tarixi insoniyatning ilk davlatchilik tasavvurlari bilan chambarchas bog‘liq. Qadimgi dunyoda har bir sulola, qabila yoki davlat o‘zini boshqalardan ajratib turuvchi maxsus belgiga, ya’ni tamg‘aga ega bo‘lgan. Masalan, miloddan avvalgi davrda Shumer davlatining sherboshli burgut tamg‘asi yoki Qadimgi Rim legionlarining burgut tasvirli bayroqlari nafaqat harbiy qudrat, balki butun boshli saltanatning timsoli vazifasini o‘tagan. Turon hududida, jumladan, zamonaviy O‘zbekiston zaminida ham bu an’ana chuqur ildizlarga ega. Qadimgi turkiy qabilalar o‘zlarining urug‘ va qabilalarini ifodalovchi o‘ziga xos tamg‘alarga ega bo‘lgan.
Buyuk sarkarda Amir Temur saltanatining ramzi sifatida tarix sahnasiga chiqqan uch doira tasviri ham milliy tamg‘achilik tarixida muhim ahamiyatga ega. Ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixoning yozmalarida qayd etilishicha, bu belgi Sohibqiron jahonning uch qit’asi hukmdori ekanligiga ishora qilgan. Garchi bu ramz zamonaviy ma’nodagi gerb bo‘lmasa-da, u butun bir saltanatni ifodalovchi, uning siyosiy g‘oyasini o‘zida mujassam etgan qudratli davlatchilik belgisi vazifasini bajargan. Keyingi davrlardagi Buxoro amirligi, Xiva va Qo‘qon xonliklarida ham o‘ziga xos ramz va bayroqlardan foydalanilgan. Masalan, Buxoro amirligining so‘nggi davrlariga oid bayroqlarda va ba’zi muhrlarda hokimiyat ramzi sifatida sher va quyosh tasvirlari yoki hukmdorlik unvonini bildiruvchi yozuvlar uchraydi. Biroq bular ko‘proq sulolaviy belgilar bo‘lib, bugungi kundagi kabi butun xalq va mamlakatni ifodalovchi yagona, qonun bilan tasdiqlangan davlat gerbi tushunchasidan farq qilgan. Sho‘rolar davrida esa O‘zbekiston SSR gerbida o‘roq va bolg‘a kabi belgilar orqali muayyan mafkuraviy mazmun ifodalangan bo‘lib, u milliy davlatchilik an’analaridan butunlay uzoq edi.
Mustaqillik ramzining yaratilishi
XX asr so‘ngida O‘zbekiston o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgach, yangi davlatning suverenitetini, uning tarixiy ildizlari va kelajakka intilishlarini aks ettiruvchi yangi davlat ramzlarini yaratish zarurati yuzaga keldi. Bu oddiy badiiy izlanish emas, balki milliy o‘zlikni anglash, tarixiy xotirani tiklash va yangi davlatning g‘oyaviy poydevorini belgilashga qaratilgan muhim siyosiy va ma’naviy jarayon edi. Uzoq davom etgan muhokamalar, tarixchilar, san’atshunoslar va jamoatchilik vakillarining takliflari asosida 1992-yil 2-iyul kuni “O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Ushbu tarixiy hujjat bilan O‘zbekistonning yangi davlat gerbi va uning tavsifi qonuniy jihatdan mustahkamlandi.
Timsollar talqini: ramzlar ortidagi ma’nolar
O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbidagi har bir unsur chuqur tarixiy, falsafiy va madaniy ma’noga ega bo‘lib, ularning jamlanmasi mustaqil O‘zbekistonning g‘oyaviy qiyofasini, uning maqsad va vazifalarini ramziy tilda ifodalaydi.
Gerbning markazidan o‘rin olgan, qanotlarini keng yozgan afsonaviy Humo qushi tasviri buning yorqin dalilidir. U xalq og‘zaki ijodida, xususan, Alisher Navoiy asarlarida azaldan baxt, ozodlik, ezgulik va ulug‘vorlik timsoli sanalgan. Bu qushning gerbga joylanishi yangi davlatning erksevarlik va insonparvarlik tamoyillariga asoslanishini, uning yo‘li nurli va xayrli bo‘lishiga bo‘lgan ishonchni ifodalaydi. Qanotlarini yoygan Humo qushi ayni paytda mamlakatning yuksalishga, taraqqiyotga bo‘lgan intilishini ham bildiradi.
Gerb kompozitsiyasining yuqori qismida tasvirlangan sakkiz qirrali yulduz respublikaning mustahkamligi va chegaralari daxlsizligining ramzidir. Sharq me’morchiligi va amaliy san’atida sakkizburchak mukammallik, tartib va barqarorlik belgisi sifatida keng qo‘llanilgan. Uning ichidagi yarim oy va yulduz tasviri esa xalqimizning asrlar davomida shakllangan milliy-madaniy an’analari va ma’naviy ildizlariga sodiqligini ko‘rsatadi.
Gerbda tasvirlangan serquyosh vodiy, tog‘lar va daryolar ona yurtimizning betakror tabiati, uning saxovatli zaminini gavdalantiradi. Tog‘lar ortidan chiqayotgan quyosh tasviri mamlakatning yo‘li yorug‘ va nurafshon bo‘lishini anglatsa, vodiy uzra oqib turgan ikki daryo (Amudaryo va Sirdaryo) hayotning manguligi va zaminning unumdorligiga ishoradir.
Gerbni ikki tomondan o‘rab turgan chambar ham o‘ziga xos ramziy ma’noga ega. O‘ng tomonda ochilgan paxta chanoqlari, chap tomonda bug‘doy boshoqlari aks etgan. Chambarga o‘ralgan Davlat bayrog‘i ko‘rinishidagi tasma esa gerbdagi barcha unsurlarni yagona g‘oya – mustaqil O‘zbekiston g‘oyasi ostida birlashtirib turadi. Tasmaning pastki qismidagi “O‘zbekiston” yozuvi esa bu ramzning aynan qaysi davlatga tegishli ekanligini aniq va ravshan ko‘rsatib turadi.
Qonun himoyasidagi timsol
Davlat gerbi nafaqat ramziy belgi, balki qonun bilan mustahkamlangan va himoyalangan davlat timsolidir. Uning maqomi, ishlatilish tartibi va himoyasi “O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to‘g‘risida”gi Qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 28-avgustda qabul chilingan “O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasvirini tayyorlash va undan foydalanish masalalari” to‘g‘risidagi qarori bilan aniq belgilab qo‘yilgan.
Ushbu me’yoriy hujjatlarga ko‘ra, gerb tasviri eng avvalo, davlat hokimiyati va boshqaruvining oliy idoralarida o‘z aksini topadi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorgohlari, Oliy Majlis palatalari, Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, sudlar, prokuratura organlari va mahalliy hokimiyat binolarining old tomoniga o‘rnatiladi. Shuningdek, mazkur idoralarning majlislar zallarida va xizmat xonalarida ham gerb tasvirining bo‘lishi shart. Bu orqali davlat hokimiyatining har bir bo‘g‘ini yagona suverenitet ostida birlashgani va umumiy maqsad yo‘lida faoliyat yuritishi ta’kidlanadi.
Gerb tasviri rasmiy hujjatlarning muhim qismi hisoblanadi. Qonunlar, Prezident farmon va qarorlari, hukumat qarorlari, vazirliklarning me’yoriy-huquqiy hujjatlari kabi muhim hujjatlarning blankalarida gerb tasviri aks ettiriladi. Bu esa ushbu hujjatlarga rasmiy maqom va yuridik kuch bag‘ishlaydi. Gerb tasviri tushirilgan muhrlar esa davlat idoralari, sudlar, diplomatik vakolatxonalar va qonunda belgilangan boshqa tashkilotlar tomonidan qo‘llanilib, hujjatlarning haqiqiyligini tasdiqlaydi. Muhrlarni tayyorlash, saqlash va ulardan foydalanish tartibi ichki ishlar organlari nazorati ostida qat’iy tartibga solingan.
Gerb tasvirining oddiy fuqaro hayotidagi o‘rni ham alohida ahamiyatga ega. U har bir O‘zbekiston fuqarosining pasportida yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasida, milliy valyuta – so‘mda, davlat chegara ustunlarida va umumdavlat namunasidagi boshqa hujjatlarda o‘z aksini topgan. Bu esa har bir shaxsning shu davlatga mansubligini, uning himoyasida ekanligini bildiruvchi muhim huquqiy va ma’naviy belgidir.
Qonunchilikda gerbdan foydalanish borasida muayyan chekovlar ham o‘rnatilgan. Xususan, uning unsurlarini nodavlat tashkilotlari hujjatlariga yoki reklama materiallariga kiritish, shuningdek, uning tasviridan tijorat maqsadlarida foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu me’yorlar davlat ramzining maqomi va obro‘sini har qanday tijoriy yoki xususiy manfaatlardan ustun qo‘yish, unga nisbatan yuksak hurmatni ta’minlash maqsadida joriy etilgan.
Jahon geraldikasidagi o‘xshashliklar va o‘ziga xosliklar
Davlat ramzlarini yaratishda muayyan mamlakatning o‘ziga xos tarixiy-madaniy an’analari bilan bir qatorda, jahon geraldikasi, ya’ni tamg‘ashunoslik ilmida umumiy qabul qilingan ba’zi tamoyillar ham inobatga olinadi. O‘zbekiston gerbi misolida ham buni kuzatish mumkin.
Masalan, qudrat, kuch va ulug‘vorlik ramzi sifatida burgut tasviridan foydalanish ko‘plab davlatlar geraldikasiga xosdir. Qadimgi Rimdan tortib, Vizantiya, AQSH, Germaniya, Rossiya kabi davlatlarning ramzlarida burgut markaziy o‘rin tutadi. O‘zbekiston gerbida esa burgutning o‘rniga afsonaviy Humo qushining tanlanishi milliy ramzning mazmunan farq qilishini ko‘rsatadi. Agar burgut ko‘proq harbiy qudrat va hokimiyatni ifodalasa, Humo qushi baxt, ezgulik va bunyodkorlik kabi ma’naviy-falsafiy mazmunni o‘zida mujassam etadi.
Shuningdek, mamlakatning tabiiy boyliklari va agrar salohiyatini aks ettiruvchi o‘simlik tasvirlaridan foydalanish ham jahon geraldikasida keng tarqalgan. Kanada bayrog‘idagi zarang bargi, Livan gerbidagi kedr daraxti yoki ko‘plab davlatlar ramzlaridagi bug‘doy boshoqlari bunga misol bo‘la oladi. O‘zbekiston gerbidagi paxta va bug‘doydan iborat chambar ham ana shu umumiy an’ananing milliy talqinidir.
Tarixiy vorislik timsoli
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi shunchaki chiroyli tasvir yoki rasmiy belgi emas. U o‘zida xalqimizning uch ming yillik davlatchilik tarixi, qadim ajdodlarning tamg‘alaridan tortib bugungi kungacha bo‘lgan vorislikni, boy madaniyatni, tinchliksevar siyosatni, kelajakka bo‘lgan yorug‘ umidlarini mujassam etgan yaxlit falsafiy-tarixiy ramzdir. Bu timsol davlatimiz suverenitetining namoyoni sifatida uning har bir fuqarosi va butun dunyo uchun O‘zbekistonning kimligini, uning o‘tmishi naqadar teran va kelajagi porloq ekanligini anglatib turuvchi qonuniy tamg‘adir.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi,
O‘zA