Yoshlar uchun “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi
Navoiy viloyati Karmana tumanida joylashgan Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qismda yoshlar ishtirokida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri o‘tkazildi.
Bugungi kunda yoshlarning bilimli, ma’naviy yetuk, jasur va fidoyi insonlar bo‘lib voyaga yetishi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu bois, harbiy qismlarda o‘tkazilayotgan “Ochiq eshiklar kuni” kabi tadbirlar yosh avlod qalbida vatanparvarlik, burch va mas’uliyat tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Tadbir davomida ishtirokchilar harbiy qismda yaratilgan shart-sharoitlar, harbiy xizmatchilarning kundalik faoliyati va xizmat tartibi bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnikalar ko‘rgazmasi tashkil etilib, yoshlarga ularning texnik imkoniyatlari va qo‘llanilishi haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

– Bugungi kunda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Bu borada harbiy qismlarda o‘tkazilayotgan “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlari muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi harbiy qism madaniyat markazi boshlig‘i Rahimjon Qayumov. – Mazkur tadbirlar orqali yoshlar harbiy xizmatning mazmun-mohiyati, harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda milliy armiyamiz salohiyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bunday uchrashuvlar yoshlarda vatanparvarlik, fidoyilik, intizom va mas’uliyat kabi yuksak fazilatlarni mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi.
Albatta, yoshlarda Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini shakllantirish, milliy armiyamizga bo‘lgan hurmat va ishonchni mustahkamlashda bu kabi uchrashuvlar alohida ahamiyat kasb etadi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri