Yoshlar kamoloti yo‘lidagi muhim maskan
Jizzax viloyati Zafarobod tumanida joylashgan sport maktabi bugun nafaqat hudud yoshlarining sport bilan muntazam shug‘ullanishi, balki iqtidorli sportchilarni kashf etish va milliy terma jamoalar uchun munosib zaxira tayyorlashda muhim o‘rin tutadi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda yoshlarni sportga keng jalb etish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda jismonan sog‘lom avlodni tarbiyalashga aholida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada hududlardagi sport ta’limi muassasalarini moddiy-texnik jihatdan mustahkamlash, zamonaviy infratuzilma yaratish va malakali murabbiylar bilan ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Zafarobod tumani sport maktabi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori asosida 2010-yilda qayta tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda u yerda 20 ta sport turi bo‘yicha mashg‘ulotlar olib borilmoqda. Shularning 11 tasi olimpiya, 3 tasi adaptiv, 3 tasi milliy sport turlari hisoblansa, yana 3 ta yo‘nalish alohida hukumat qarorlari asosida tashkil etilgan.
Ayni paytda muassasada 36 nafar murabbiy faoliyat yuritmoqda. Ular mingdan ortiq o‘quvchi-sportchilarga muntazam mashg‘ulotlar olib bormoqda. E’tiborlisi, mashg‘ulotlar zamonaviy jihozlangan sport zallarida tashkil etilgan bo‘lib, yosh sportchilar bilan individual ishlash tizimi ham yo‘lga qo‘yilgan.
— Asosiy maqsadimiz iqtidorli sportchilarni aniqlash, ularni seleksiya asosida sport maktabiga jalb qilish va yuqori bosqichga tayyorlashdan iborat. Voleybol, dzyudo va milliy kurash kabi ustuvor sport turlarida yanada yuqori natijalarga erishishni maqsad qilganmiz, — deydi sport maktabi direktori o‘rinbosari To‘lqin Abdurasulov. — Muassasada tajribali murabbiylar faoliyat yuritmoqda. Biroq sportchilarimizning har tomonlama yuqori saviyada kamol topishi uchun mavjud bo‘lmagan mutaxassisliklar bo‘yicha Jizzax shahri va qo‘shni tumanlardan malakali kadrlar jalb qilyapmiz. Ayni paytda 6 nafar oliy toifali, 9 nafar birinchi toifali va 1 nafar ikkinchi toifali murabbiy faoliyat olib bormoqda.

Muassasa tarbiyalanuvchilari tomonidan qo‘lga kiritilayotgan natijalar ham e’tiborga molik. Xususan, 2024–2026-yillar davomida sportchilar respublika va xalqaro musobaqalarda 150 dan ortiq medalni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan.
Jumladan, boks, voleybol, dzyudo, yengil atletika, karate, milliy kurash, penchak silat, taekvondo WT, ushu, qo‘l jangi va o‘zbek jang san’ati kabi sport turlarida yuqori natijalar qayd etilgan.
Ayniqsa, milliy kurash bo‘yicha sportchilarning yutuqlari alohida e’tiborga loyiq. Xususan, ushbu maktab tarbiyalanuvchilari orasida Behruz Mahammatov milliy kurash bo‘yicha jahon chempionatida kumush medalga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, Ilyos Arabjonov respublika miqyosidagi chempionatlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda. U bugungi kunda o‘zining qat’iyati va intilishi bilan tengdoshlariga namuna bo‘layotir.

Ilyos polvon 2013-yilda tug‘ilgan bo‘lib, milliy kurash bilan shug‘ullanishni akasidan ilhomlanib boshlagan. U 2024-yil Namanganda o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida kumush, 2025-yilgi mamlakat chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2026-yil Andijonda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston birinchiligida g‘oliblikka erishdi.
— Kelajakda Osiyo va jahon chempionatlarida ishtirok etib, O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilishni maqsad qilganman, — deydi Ilyos Arabjonov. — Sport maktabimizda yosh sportchilar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Jumladan, tibbiyot xonalari, kiyinish xonalari hamda mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun kerakli jihoz va inventarlar bilan ta’minlanganmiz. Qisqacha aytganda, biz yoshlarning jismonan sog‘lom, ma’nan tetik bo‘lib kamol topishimiz, tanlagan sport turimizda yuqori natijalarga erishishimiz uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Nasib etsa, kelgusida yanada katta yutuqlar bilan Vatanimiz sharafini xalqaro maydonlarda munosib himoya qilamiz.

Shuningdek, maktabda dzyudochi Suxrob Po‘latovning Osiyo kubogida g‘oliblikni qo‘lga kiritgani, taekvondo WT vakillari Zufarjon Abduazizov hamda Charos Mirodilovaning O‘zbekiston chempionatida oltin medallarga erishgani muassasada tayyorgarlik ishlari izchil olib borilayotganidan dalolat beradi.
Muhimi, sport maktabi 2024-yilda O‘zbekiston milliy terma jamoalariga 11 nafar asosiy va 5 nafar zaxira sportchini yetkazib berdi. Bu esa muassasa faoliyatining amaliy самараси sifatida baholanmoqda.
2025-yil natijalari ham salmoqli bo‘ldi. Turli sport turlari bo‘yicha o‘tgan respublika chempionatlari va kubok bahslarida 2 ta oltin, 8 ta kumush va 17 ta bronza medali qo‘lga kiritilgan bo‘lsa, jahon, Osiyo hamda xalqaro musobaqalarda 6 ta oltin, 5 ta kumush va 10 ta bronza medali jamg‘arildi.
Darhaqiqat, bugun sport maktablarida yaratilayotgan sharoitlar, murabbiylarning fidokorona mehnati va yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishi yurtimiz sport salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Eng muhimi, bu kabi muassasalar nafaqat chempion sportchilarni, balki jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk va Vatan taqdiriga daxldorlik hissi yuqori bo‘lgan yosh avlodni tarbiyalashda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
Samandar Isoqov,
O‘zA