Yosh chavandozlar saralandi
Poytaxtimizdagi “Markaziy ippodrom”da kichik o‘smirlar, o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida ot sportining uchkurash yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi.
Uch kun davom etgan musobaqada mamlakatimizning iqtidorli yosh chavandozlari g‘oliblik uchun bahs olib bordi. Uchkurash ot sportining eng murakkab yo‘nalishlaridan biri sanaladi. U ot yo‘rttirish, kross hamda to‘siqlardan sakrash — konkur dasturlarini o‘z ichiga oladi.
Bellashuvlar davomida ishtirokchilar nafaqat texnik mahorati, balki chidamliligi va yuqori tayyorgarlik darajasini ham namoyon etdi.

Musobaqa yakunlariga ko‘ra, SSI-2*A yo‘nalishida Abdulaziz Tolibjonov, SSI-2*B dasturida Behruz Mirxaydarov, SSI-1* Intro A bahslarida Medina Abdurahmanova, SSI-1* Intro B bo‘yicha Alisa Sadikova, Derbi-C tasnifida Muhammadyusuf Yo‘ldashev oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Mazkur chempionat yosh chavandozlarimizning tajribasini yanada oshirish, milliy terma jamoa uchun istiqbolli sportchilarni saralab olish maqsadida tashkil etildi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA