Yoshlar bilan ochiq muloqot
Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi tomonidan Toshkent shahar Uchtepa tumanida joylashgan 38-sonli va 203-sonli umumta’lim maktablarida “Yoshlar kuni” doirasida yoshlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Yoshlar bilan bevosita muloqot o‘rnatish, ularning qiziqishlari, muammolari va takliflarini o‘rganish, shuningdek, kelgusida ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olish maqsadida tashkil etilgan tadbirda so‘zga chiqqan mutasaddilar tomonidan yoshlarning bilim olishi, kasb-hunar egallashi, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va xavfsizlik madaniyatini yuksaltirish borasidagi dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Shu bilan birga, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tadbir doirasida o‘quvchi-yoshlarga yong‘in-qutqaruv xizmatida foydalaniladigan maxsus texnikalar va asbob-uskunalar namoyish etildi hamda zilzila vaqtida to‘g‘ri harakatlanish zilzila mobil simulyatori orqali batafsil tushuntirib berildi. O‘quvchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.

Uchrashuv yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda kelgusidagi kasbiy yo‘nalishlarini belgilashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Shu bilan birga, Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan sayillar tashkil etilib, milliy qadriyatlar, urf-odatlar va an’analarni keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur tadbir yoshlarning ma’naviy-ruhiy dunyoqarashini boyitish, vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash hamda ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratildi.


Gulnoza Boboyeva, O‘zA