Ishga qabul qilishda shaffof elektron tanlov
Buxoro viloyatida maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi bo‘sh ish o‘rinlarini to‘ldirish maqsadida mutlaqo yangi– ochiq va shaffof tanlov jarayonlari amalga oshirilmoqda. E’tiborlisi, ushbu tizim O‘zbekiston ta’lim sohasida ilk bor joriy etilib, kadrlarni ishga qabul qilishda inson omilini kamaytirish, korrupsiya holatlarining oldini olish va adolatli tanlov muhitini yaratishga qaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining tegishli buyrug‘iga muvofiq, joriy yil fevral oyidan boshlab mazkur tartib tajriba-sinov sifatida Buxoro tumanida yo‘lga qo‘yildi. Yangi tizimga ko‘ra, ta’lim muassasalariga ishga qabul qilish jarayonlari to‘liq raqamlashtirilib, maxsus elektron platforma — ekadr.uzedu.uz orqali amalga oshirilmoqda.

Mazkur platforma inson resurslarini samarali boshqarish, bo‘sh ish o‘rinlari haqida aniq va tezkor ma’lumot berish, shuningdek, nomzodlarni tanlov asosida xolis baholash imkonini yaratadi. Nomzodlar ushbu tizim orqali mustaqil ravishda ro‘yxatdan o‘tib, o‘z bilim va ko‘nikmalarini test sinovlari orqali namoyon etadi.

Buxoro shahridagi 44-maktab binosida ana shu elektron tizim orqali ro‘yxatdan o‘tgan nomzodlar uchun test sinovlariga rasman start berildi. Tanlov jarayonlari yuqori darajada tashkil etilgan bo‘lib, barcha ishtirokchilar uchun teng sharoitlar yaratilgan.

Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Hamza Elliyev ta’kidlaganidek, mazkur tizim kadrlar tanlovini adolatlilik, shaffoflik va sog‘lom raqobat muhiti asosida tashkil etishga xizmat qiladi. Bu orqali ta’lim muassasalariga bilimli, salohiyatli va munosib kadrlarni jalb etish imkoniyati kengayadi. Ayni paytda respublika bo‘yicha ushbu tartib tajriba-sinov tariqasida faqat Buxoro tumanida joriy etilmoqda.

Tanlov jarayonlari boshlanishidan oldin Hamza Elliyev test sinovlarini tashkil etish ishlari bilan yaqindan tanishib, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi innovatsion yondashuvlar ta’lim tizimida ishonchni mustahkamlash, sifatni oshirish va boshqaruv samaradorligini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mutaxassislarning fikricha, raqamlashtirilgan tanlov tizimi orqali har bir nomzodning bilim darajasi xolis baholanadi, inson omili bilan bog‘liq salbiy holatlar bartaraf etiladi. Bu esa, o‘z navbatida, ta’lim sifatining oshishiga va kelajak avlodga sifatli bilim berishga zamin yaratadi.
Xulosa qilib aytganda, Buxoroda amalga oshirilayotgan mazkur tajriba nafaqat hudud, balki butun respublika ta’lim tizimi uchun muhim qadam bo‘lib, kelgusida uning samarali natijalari boshqa hududlarda ham keng joriy etilishi kutilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri