Yoshlar bilan ochiq muloqot samarali takliflarga yo‘l ochdi
Chirchiq Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida vazir o‘rinbosari Shaxrillo Maxmudov ishtirokida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” tashkil etildi.
Uchrashuvda sport sohasi rahbarlari, trener-o‘qituvchilar hamda o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.
– Bugungi yoshlar — mamlakatimiz sport sohasining ertangi tayanchi. Ularga munosib sharoit yaratish, tashabbus va intilishlarini qo‘llab-quvvatlash — bizning ustuvor vazifamizdir. Yoshlar bilan ochiq muloqot qilish orqali ularni qiynayotgan masalalarni eshitamiz, takliflarini inobatga olamiz va kelgusida yanada keng imkoniyatlar yaratishga intilamiz, — dedi vazir o‘rinbosari Sh.Mahmudov.
Tadbir davomida yoshlarning fikr-mulohaza, taklif va tashabbuslari tinglanib, sport sohasida yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, istiqboldagi rejalar hamda dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, uchrashuvda sport ta’lim muassasalarida yaratilayotgan sharoitlar, yosh sportchilarning yutuqlari va ularni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
N.Rahmonova, O‘zA