Maktab maslahatchisi lavozimi uchun sinovlar davom etmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-dekabrdagi “Kelajak” markazlari faoliyatini tartibga solishga qaratilgan ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2026-yil 8-yanvardagi buyrug‘iga muvofiq shahar va tuman “Kelajak” markazi direktori va o‘quvchilarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maktab maslahatchisi lavozimi uchun test sinovi va suhbat o‘tkazilishi belgilangan.
Hozirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Kelajak” markazi tomonidan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida faoliyat yuritadigan maktab maslahatchisi lavozimiga nomzodlarni saralash maqsadida jarayonlar davom etmoqda.
Mazkur tanlov jarayoni ochiqlik, shaffoflik va adolat tamoyillari asosida ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda test sinovlari onlayn shaklda, maxsus platforma orqali real vaqt rejimida o‘tkaziladi. Unda nomzodlarning kasbiy bilim darajasi, normativ-huquqiy hujjatlar bo‘yicha savodxonligi, yoshlar bilan ishlash ko‘nikmalari, ma’naviy-ma’rifiy faoliyatni tashkil etish qobiliyati baholanadi.
Jarayon davomida auditoriyalarning texnik tayyorgarligi, kompyuter va internet tarmog‘ining uzluksiz ishlashi hamda nazorat mexanizmlarining shaffofligi ta’minlanmoqda. Test sinovlari maktab maslahatchisi lavozimi uchun tanlovning ikkinchi mavsumi yakunlariga ko‘ra, tanlov.uzedu.uz platformasi orqali mamlakatimizdagi jami 7 ming 641 ta umumta’lim maktabi uchun 42 ming 934 ta ariza kelib tushgan. Shulardan malaka talablariga mos kelgan 38 ming 299 nafar talabgor test bosqichida ishtirok etish uchun tavsiya etildi.
Tanlovning birinchi bosqichi Orolbo‘yining 14 ta hududida 18-maydan 22-maygacha o‘tkaziladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha 619 ta maktabga 5 ming 399 nafar nomzod ariza topshirgan bo‘lib, shundan 5 ming 152 nafari test sinovlarida qatnashmoqda. Ulardan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar suhbat bosqichida ishtirok etadi.
[gallery-29546]
Suhbat jarayonida nomzodlarning liderlik va tashabbuskorlik salohiyati, amaliy tajribasi, muammoli vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish qobiliyati, yoshlar bilan ishlashdagi yondashuvi baholanadi. Suhbat tasdiqlangan komissiya tomonidan belgilangan tartib asosida o‘tkaziladi.
Tanlov jarayonlarining adolatli o‘tishini ta’minlash maqsadida apellyatsiya mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, murojaatlar qonunchilik asosida ko‘rib chiqiladi.
“Kelajak” markazi mazkur tanlov orqali maktablarda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yanada kuchaytirish, o‘quvchilar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda malakali, fidoyi kadrlarni saralashni maqsad qilgan.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.