Yoshlar bandligi — kambag‘allikka qarshi samarali yechim
Jizzax viloyatida aholi, ayniqsa, yoshlar bandligini ta’minlash orqali kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan amaliy ishlar izchil davom etmoqda. Ana shunday tashabbuslardan biri sifatida Zomin tumanidagi “Artel Electronics Zomin” korxonasida yirik bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etildi.
Mazkur tadbir Jizzax viloyati hokimligi va viloyat prokuraturasi tashabbusi bilan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi hamkorligida o‘tkazildi. Bu esa hududda aholi bandligini ta’minlash masalasi davlat va jamoat institutlari o‘zaro hamjihatlikda hal etilayotganini ko‘rsatadi.
Yarmarkada ikki ming nafardan ortiq yoshlar ishtirok etib, o‘z kasbiy ko‘nikma va qiziqishlariga mos ish o‘rinlari bo‘yicha ish beruvchilar bilan dastlabki kelishuvlarga erishdi. Bu kabi ochiq muloqot maydonlari yoshlarning mehnat bozoriga kirib kelishini yengillashtirib, ularning kelgusi faoliyati uchun mustahkam zamin yaratadi.
Ayniqsa, tadbir davomida tijorat banklari tomonidan mingdan ziyod plastik kartalar rasmiylashtirilgani yoshlarni ishga joylashtirish jarayonini tezlashtirish, ularni rasmiy daromad manbai bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda. Bu esa “yashirin iqtisodiyot” ulushini qisqartirish va aholi farovonligini oshirishda muhim omil sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Mazkur ishlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan 2021-yil 11-avgustdagi “Kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish hamda kambag‘allik bilan kurashish ko‘lamini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon hamda 2020-yil 26-martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda uning tizim tashkilotlari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaror ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.
Ushbu hujjatlarda belgilangan vazifalar — aholini, ayniqsa yoshlarni daromadli mehnat bilan ta’minlash, ularni kasb-hunarga o‘qitish va tadbirkorlikka jalb etish orqali kambag‘allikni bartaraf etish joylarda aniq va manzilli chora-tadbirlar orqali hayotga izchil tatbiq etilmoqda.
Zomindagi yarmarka ana shu siyosatning amaliy ifodasi bo‘lib, har bir ish o‘rni — bir oilaning barqaror daromad manbai, har bir band yosh esa kambag‘allikka qarshi qo‘yilgan mustahkam qadam ekanini yana bir bor namoyon etdi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA