Har qarich yerga ilm asosida yondashish zarur
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Toshkent viloyatida mavsumiy dala ishlari bilan tanishdi. Dastlabki manzil Piskent tumanida joylashgan, urug‘chilikka ixtisoslashgan “Iskandarov Sardor taraqqiyot” MCHJga qarashli dala maydonlari bo‘ldi.
Mazkur xo‘jalik tasarrufida jami 86 gektar yer maydoni mavjud bo‘lib, bugungi kunda uning 35 gektarida zamonaviy agrotexnologiyalar asosida, xususan, qizil rangli plyonka ostiga “Shinjon” usulida chigit ekish ishlari olib borilmoqda. Bu yondashuv nafaqat hosildorlikni oshirish, balki suv va resurslardan oqilona foydalanish imkonini berayotgani bilan ahamiyatlidir. Tanishuv jarayonida vazir dala boshida fermerlar, mutaxassislar va tuman rahbariyati ishtirokida amaliy seminar o‘tkazdi. Unda zamonaviy paxtachilikda agrotexnik talablarning muhim jihatlari atroflicha muhokama qilinib, bevosita dala sharoitida amaliy ko‘rsatmalar berildi.

Xususan, vazir “Shinjon” agrotexnologiyasining afzalliklariga to‘xtalar ekan, nega aynan ushbu usul tanlangani, shuningdek, joriy yildan boshlab rangli plyonkalardan foydalanishning ilmiy va amaliy asoslarini izohlab berdi.
Seminar davomida eng muhim jihatlardan biri sifatida tomchilatib sug‘orish tizimini to‘g‘ri joylashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Vazir ko‘plab fermerlar yo‘l qo‘yayotgan xatoga to‘xtalib, shlanglarni yon qatorlarga emas, qo‘shqator o‘rtasiga joylashtirish zarurligini qat’iy ta’kidladi. Chunki aynan shu usul orqali suv va o‘g‘itlar teng taqsimlanib, o‘simlikning to‘liq oziqlanishi ta’minlanadi. Shuningdek, plyonkaning ikki tomonini zich yopish, ekishdan avval yer maydonini mukammal tekislash kabi oddiy ko‘ringan, ammo natijaga bevosita ta’sir qiluvchi agrotexnik talablar ham alohida qayd etildi.

Shuningdek, Bekobod tumanidagi pillachilik bilan shug‘ullanadigan “Mallaboy” MFYda amalga oshirilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi. Hozir aholi bandligini ta’minlash, xonadonlarda qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish borasida mazkur mahalla namunali hududlardan biri sifatida e’tibor qozongan.
Mahalla bo‘yicha hozirda 200 quti pilla boqilmoqda. Jarayon izchil davom etib, umumiy hisobda ming qutigacha yetkazilishi rejalashtirilgan. Bu esa hududda pillachilikni tizimli yo‘lga qo‘yish, xonadonlar kesimida barqaror daromad manbaini shakllantirishga xizmat qilmoqda.

Ahamiyatlisi, parvarishning muayyan bosqichidan so‘ng pillalar 5 ta markazlashgan pillaxonaga ko‘chiriladi. Tashrif davomida vazir 60 quti pilla parvarish qilinayotgan xonadon faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Xonadon egalari tomonidan ipak qurti parvarishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, yaratilgan sharoitlar hamda kutilayotgan natijalar yuzasidan fikr almashildi.
Mazkur jarayonlarda mehnat, tajriba va mas’uliyat uyg‘unligi yaqqol namoyon bo‘layotgani alohida ta’kidlandi. Shu bilan birga, mazkur xonadonda tomorqadan samarali foydalanish ham e’tibordan chetda qolmagan. Atigi 2 sotix yer maydonida baqlajon ekinlari tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida yetishtirilmoqda.

Vazir ushbu tajriba bilan tanishib, tomorqa yerlaridan unumli foydalanish orqali oilaviy daromadni oshirish mumkinligini alohida qayd etdi.

A.Musayev, O‘zA