Yosh doktorant Xitoyda ilmiy-tadqiqot faoliyatini olib bormoqda
Bugungi kunda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklik doirasida ilm-fan, san’at,innovatsiya va ta’lim sohalaridagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Xususan, mamlakatimiz yosh olimlari va tadqiqotchilari Xitoyning ilg‘or ilmiy markazlari hamda oliy ta’lim muassasalarida ilmiy-tadqiqot faoliyatini olib bormoqda.
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti tayanch doktoranti Mohinur Omonova ham xalqaro ilmiy hamkorlik doirasida Xitoyda ilmiy-tadqiqot faoliyatini olib bormoqda.

M.Omonova “Xitoy va xorij hamkorligida doktorantlarni tayyorlash” grant loyihasi doirasida Pekin universitetida ilmiy stajirovka o‘tamoqda. Tadqiqot jarayonida Xitoy muzeylarining zamonaviy faoliyati, madaniy merosni asrash, muzey ishiga innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda xalqaro tajribani o‘rganishga alohida e’tibor qaratildi.

Ilmiy safar davomida doktorantimiz Pekin milliy muzeyi, Pekin poytaxt muzeyi, Pekin san’at muzeyi, Shanxay muzeyi va Xitoy Milliy ipak muzeyi kabi yirik madaniy muassasalar faoliyatini o‘rganib, ilmiy tadqiqot uchun amaliy materiallar to‘pladi. Shuningdek, unga Pekin universitetida tashkil etilayotgan ilmiy tadbirlarda ishtirok etish va xorijiy tadqiqotchilar bilan tajriba almashish imkoniyati yaratildi.
Mazkur stajirovka muzeyshunoslik va madaniy merosni asrash yo‘nalishidagi ilmiy izlanishlarni yangi amaliy materiallar bilan boyitish, ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish hamda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ilmiy-madaniy hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA