Jizzaxda maktab maslahatchilari “Zakovat”da bellashdi
Jizzax viloyati prokurori kubogi uchun maktab maslahatchilari o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi.
Viloyat prokuraturasi hamda hamkor tashkilotlar tashabbusi bilan tashkil etilgan bilimlar bellashuvida hududdagi umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan yosh pedagoglar va maktab maslahatchilari ishtirok etdi.
Intellektual o‘yindan ko‘zlangan asosiy maqsad yosh mutaxassislarning bilim va intellektual salohiyatini yuksaltirish, mantiqiy va tahliliy fikrlash qobiliyatini rivojlantirish, ularni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, jamoalar o‘rtasida sog‘lom raqobat va hamjihatlik muhitini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Bellashuv davomida ishtirokchilar mantiqiy fikrlash, zukkolik va tezkorlikni talab etadigan savollarga javob berdi. Tuman va shahar jamoalari tarkibidagi yosh pedagoglar o‘z bilim va topqirligini namoyon etib, savollarga jamoaviy yondashuv asosida yechim topishga harakat qildi.
[gallery-31822]
Qizg‘in kechgan bahslar yakuniga ko‘ra, Paxtakor tumani jamoasi birinchi o‘rinni egallab, Jizzax viloyati prokurori kubogi sohibi bo‘ldi. Yangiobod tumani jamoasi ikkinchi, G‘allaorol tumani vakillari esa uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindor jamoalarga viloyat prokurori kubogi, faxriy diplomlar hamda esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA