«GulDU mushoirasi» — yosh qalblardan tug‘ilgan ilk kitob
Guliston davlat universitetida yosh ijodkorlarning orzu-o‘ylari, qalb kechinmalari va adabiy izlanishlarini o‘zida jamlagan «GulDU mushoirasi» kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. 23 nafar talaba ijodkorning she’r va nasriy asarlarini qamrab olgan ushbu to‘plam yosh iste’dodlarni kashf etish, ularning qalb olamini keng jamoatchilikka tanitish yo‘lidagi ezgu tashabbusning samarasi bo‘ldi.
Adabiyot inson qalbiga yo‘l topadi, tuyg‘ularni so‘zga, orzularni misralarga aylantiradi. Bugun qo‘liga qalam olib, ilk asarlarini yaratayotgan yoshlar uchun esa o‘z ijodini kitob sahifalarida ko‘rish alohida quvonch va katta mas’uliyatdir. «GulDU mushoirasi» ana shunday orzuga qanot bag‘ishlagan, yosh ijodkorlarning ilk adabiy qadamlarini birlashtirgan to‘plam sifatida ahamiyatlidir.
Kitobning g‘oyasi bundan qariyb yetti oy avval — 2026-yil 5-mart kuni universitet Axborot-resurs markazida yoshlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda tug‘ilgan edi. O‘shanda talabalar o‘z saflaridagi ijodkorlarning she’r va nasriy asarlarini jamlab, alohida kitob nashr etish taklifini bildirishdi. Yoshlarning ushbu tashabbusi universitet rektori tomonidan qo‘llab-quvvatlandi va g‘oyani amalga oshirishga kirishildi.
Shundan so‘ng yosh ijodkorlar o‘rtasida tanlov e’lon qilindi. Qariyb 100 nafar talaba o‘z ijod namunalarini taqdim etdi. Saralash jarayonida ular orasidan 23 nafar ijodkorning eng sara she’r va nasriy asarlari tanlab olindi. Natijada 245 sahifalik «GulDU mushoirasi» kitobi dunyoga keldi.
«Ijod nashr» nashriyotida 500 nusxada chop etilgan kitobning g‘oyasi va so‘zboshisi muallifi Guliston davlat universiteti rektori, texnika fanlari doktori, professor, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati, oliy ta’lim a’lochisi Muhsin Xodjiyevdir.
Taqdimot marosimida ta’kidlanganidek, bunday tashabbuslar yoshlarning iste’dodini yuzaga chiqarish, ularni yangi ijodiy izlanishlarga ruhlantirish va adabiyotga bo‘lgan mehrini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi.
— Yoshlar bilan uchrashuvlarimizda ularning tashabbuslarini tinglash, g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash va ijodiy imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishga alohida e’tibor qaratamiz. 5-mart kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda yosh ijodkorlarimiz universitet talabalarining asarlarini jamlab, kitob nashr etish taklifini bildirishgan edi. Bugun ana shu tashabbusning amaliy natijasini ko‘rib turibmiz. Bunday loyihalar yoshlarning adabiyotga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni yangi izlanishlarga ruhlantirishda muhim ahamiyatga ega. Barcha ijodkor yoshlarimizga kelgusi faoliyatida muvaffaqiyatlar tilayman, — dedi universitet rektori Muhsin Xodjiyev.
[gallery-31855]
Universitetda yoshlarning adabiy salohiyatini rivojlantirish borasidagi ishlar bu bilan cheklanmaydi. 2025-yildan buyon faoliyat yuritayotgan «Mushoira» klubi talabalarning ijodiy izlanishlari uchun o‘ziga xos maydonga aylangan. Klub a’zolarining she’r va boshqa ijod namunalari shu kunga qadar viloyat hamda respublika miqyosidagi 10 dan ortiq gazeta va jurnallarda e’lon qilingan.
Bu esa universitetda yosh qalamkashlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijodini keng targ‘ib etish va adabiy muhitni boyitish borasida muayyan tajriba shakllanganidan dalolat beradi. Yangi kitob esa ushbu jarayonning mantiqiy davomi, yosh ijodkorlar uchun yangi marralar sari tashlangan dadil qadamdir.
Tadbir yakunida kitob mualliflari bo‘lgan talabalarning ota-onalari universitet rektori Muhsin Xodjiyev tomonidan taqdirlandi. Zero, farzand qalbidagi iste’dodni anglash, uning qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash va ijodiy kamolotiga ko‘maklashishda oilaning ham o‘rni beqiyos.
«GulDU mushoirasi» — shunchaki she’r va nasr namunalari jamlangan kitob emas. Unda yosh qalblarning izlanishlari, orzu-intilishlari va kelajakka ishonchi mujassam. Bugun ilk kitobini qo‘liga olgan yosh ijodkor uchun bu sahifalar, ehtimol, katta adabiyot sari boshlangan yo‘lning dastlabki manzilidir. Eng muhimi, bu yo‘lda ularning iste’dodini ko‘radigan, qo‘llab-quvvatlaydigan va yangi yutuqlarga undaydigan muhit bor.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA