Savodxonlik jamiyatning barcha qatlamiga tegishli mezon
Jamiyat taraqqiyotining muhim omillaridan biri xalqimizning ma’naviy-ma’rifiy saviyasini yuksaltirish, davlat tilida to‘g‘ri va savodli yozish ko‘nikmalarini rivojlantirishdan iborat.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti, Toshkent shahar hokimligi, O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi hamda Olmazor tumani hokimligi hamkorligida «Savodxon tashkilot — savodli jamiyat» shiori ostida bepul diktant tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda Olmazor tumani hokimligi xodimlari, tumandagi umumta’lim va tibbiyot muassasalari, shuningdek, turli bo‘lim hamda tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan xodimlar ishtirok etdilar.

Tadbirda Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori I.Azimov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi direktori A.Eminov hamda Toshkent shahar hokimining maslahatchisi A.Ro‘zitoyev ishtirok etdilar.
Tadbir davomida ona tilimizning jamiyat hayotidagi o‘rni, davlat tiliga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, ish yuritish jarayonida adabiy til me’yorlariga amal qilish hamda yozma savodxonlikni oshirishning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.

Bugungi globallashuv sharoitida har bir xalq o‘z ona tilini asrash, uning nufuzini oshirish va kelajak avlodga bezavol yetkazishga intiladi, – dedi Olmazor tumani hokimi maslahatchisi Dilnoza Umrzoqova.– Dunyoga kelgan har bir go‘dak olamni, avvalo, ona tili orqali taniydi va anglaydi. Inson uchun o‘z uyi, ota-onasi qanchalik aziz va qadrli bo‘lsa, ona tili ham shunchalik e’zozlidir. Vatan, millat va milliy til tushunchalari insonning o‘zligini belgilaydigan asosiy mezonlardan hisoblanadi. Tilga bo‘lgan mehr va sadoqat millatning ma’naviy qudrati, milliy g‘ururi va o‘zligini saqlashda muhim o‘rin tutadi. Faoliyatim davomida davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishini ta’minlash maqsadida tumanimizdagi davlat tashkilotlarida muntazam o‘rganishlar olib boraman. Bugungi diktant tadbiri ham davlat tilida ish yuritish madaniyatini yuksaltirish, xodimlarning yozma savodxonligini oshirish va mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga ko‘maklashish maqsadida tashkil etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi xodimlarning davlat tilida yozma nutq ko‘nikmalarini baholash, imlo va punktuatsiya bilan bog‘liq kamchiliklarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish yuzasidan amaliy-uslubiy ko‘mak ko‘rsatishdan iborat.
Shuningdek, mazkur tadbir orqali davlat tashkilotlari xodimlarining o‘zbek adabiy tili me’yorlariga amal qilish borasidagi bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashga e’tibor qaratildi.

Savodxonlikni oshirishga oid bunday tashabbuslar davlat tilining nufuzini yuksaltirishga xizmat qiladi. Zero, har bir tashkilotda ish yuritish madaniyatiga rioya qilinishi umumiy savodxonlik darajasining oshishiga zamin yaratadi.
Diktant jarayoni ishtirokchilarga o‘z bilimlarini sinab ko‘rish va yozma nutqdagi kamchiliklar ustida ishlash imkonini berdi. Shu bilan birga, tadbir davlat tilida ish yuritishda yagona adabiy me’yorlarga amal qilish muhimligini yana bir bor namoyon etdi.
Ona tiliga hurmat, avvalo, uni to‘g‘ri qo‘llash va qadrlashdan boshlanadi. Har bir insonning savodli yozishi jamiyatda til madaniyatining yuksalishiga hissa qo‘shadi.
Davlat tilini rivojlantirishga qaratilgan amaliy tadbirlar aholi o‘rtasida tilga e’tibor va mas’uliyat tuyg‘usini mustahkamlashga yordam beradi. Bunday uchrashuv va mashg‘ulotlar orqali ishtirokchilarning bilimlarini oshirish hamda tajriba almashish uchun qulay imkoniyat yaratiladi.
Milliy tilning boyligi va jozibasini asrash har birimizning vazifamizdir. Buning uchun kundalik muloqotda ham, rasmiy yozishmalarda ham adabiy til qoidalariga amal qilish muhim ahamiyatga ega.
«Savodxon tashkilot – savodli jamiyat» tamoyili har bir xodimning shaxsiy mas’uliyati va intilishi bilan hayotga tatbiq etiladi. Zero, savodxonlikka intilish ma’naviy yuksalish va taraqqiyot sari tashlangan muhim qadamdir.
N.Usmonova, O‘zA