“Yilning eng faol maxsus pedagogi” aniqlandi
Inklyuziv ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan maxsus pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy mahoratini oshirish hamda ilg‘or tajribalarni ommalashtirish maqsadida Sirdaryo viloyatida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashabbusi bilan ilk bor o‘tkazilayotgan “Yilning eng faol maxsus pedagogi” ko‘rik-tanlovining Xovos tuman bosqichi yuqori saviya va ko‘tarinki ruhda tashkil etildi.
Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining inklyuziv ta’lim sinflarida faoliyat yuritayotgan maxsus pedagoglar ishtirok etgan tanlovda o‘qituvchilarning kasbiy mahorati, ijodiy yondashuvi, pedagogik salohiyati hamda bolalar bilan ishlash ko‘nikmalari baholandi.


Tanlov nizomiga muvofiq ishtirokchilar uchta shart asosida bellashdi. Birinchi shartda pedagoglar amaliy ochiq korreksion-rivojlantiruvchi mashg‘ulot o‘tkazib, inklyuziv ta’lim jarayonida qo‘llanayotgan zamonaviy usul va yondashuvlarni namoyish etdi.

Ikkinchi shart — “Mening pedagogik faoliyatim” mavzusidagi taqdimot davomida ishtirokchilar o‘z tajribasi, ta’lim jarayonida erishgan yutuqlari hamda o‘quvchilar bilan ishlashdagi o‘ziga xos yondashuvlari haqida ma’lumot berdi.

Uchinchi shartda esa maxsus pedagoglarning kasbiy bilim va kompetensiyalari savol-javob asosida sinovdan o‘tkazildi.

Hakamlar hay’atining yakuniy xulosasiga ko‘ra, tumandagi 30-maktab maxsus pedagogi Aziza Erkinova 1-o‘rinni qo‘lga kiritib, tanlovning viloyat bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
2-o‘rin tumandagi 9-maktab o‘qituvchisi Ra’no Xolmatovaga nasib etgan bo‘lsa, 3-o‘rinni 14-maktab o‘qituvchisi Oltinoy Turg‘unboyeva egalladi.
Tadbir yakunida g‘olib va faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri