Yoshlar harbiy qism faoliyati bilan tanishdi
9-may — Xotira va qadrlash kuni oldidan Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filiali tomonidan talaba-yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda harbiy kasbga qiziqishni oshirish maqsadida Yangiyer shahridagi harbiy qismda “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga harbiy qismning kundalik faoliyati, xizmat jarayonlari, harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnikalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng talaba-yoshlar harbiy qism hududi bilan yaqindan tanishib, askarlar uchun barpo etilgan yotoqxonalar, ma’naviyat xonalari, sport maydonlari hamda jangovar tayyorgarlik jarayonlarini kuzatdilar. Harbiy xizmatchilar tomonidan namoyish etilgan saf tayyorgarligi va ko‘rgazmali chiqishlar yoshlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.
[gallery-29286]
Tadbir doirasida o‘tkazilgan ochiq muloqotda yoshlar va harbiylar o‘rtasida Vatan himoyasining muqaddas burch ekani, harbiy xizmatning mazmun-mohiyati hamda intizomning ahamiyati yuzasidan fikr almashildi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldilar.
TKTI Yangiyer filiali Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Otabek Donaboyev tadbir haqida fikr bildirib, bu kabi uchrashuvlar yoshlarning dunyoqarashiga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi.
– Yoshlar harbiy qism hayoti bilan bevosita tanishganda ularning bu sohaga bo‘lgan munosabati tubdan o‘zgaradi. Bugungi uchrashuvda talabalarning faol ishtiroki va qiziqishini ko‘rib, bunday tadbirlar ularda vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilayotganini yana bir bor angladik, – dedi u.
Ta’kidlanishicha, “Ochiq eshiklar kuni” kabi tadbirlar yoshlarda vatanparvarlik hissini kuchaytirish, ularni jismonan va ma’nan barkamol etib tarbiyalash hamda kelajakda harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqishini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat), O‘zA