Yil bo‘yi qilingan mehnat samarasi: paxtadan yuqori hosil olish uchun muhim tavsiyalar
Paxta dalalarida yil davomida olib borilgan agrotexnik tadbirlar natijasida yetarlicha hosil yaratildi. Endi asosiy vazifa — uni to‘liq, sifatli va o‘z vaqtida yig‘ib-terib olish. Buning uchun terim jarayonini agrotexnik talablar asosida tashkil etish, shoshqaloqlikka yo‘l qo‘ymaslik muhim.
Paxtachilikda yillik mehnat samarasi, avvalo, hosilni yetishtirish bilan belgilansa, uni sifatli va nobudgarchiliksiz yig‘ib olish ham muhim bosqich hisoblanadi. Shu bois ayni mavsumda fermer xo‘jaliklari va klasterlar oldida turgan asosiy vazifa — dalalarni terimga puxta tayyorlash va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishdir.
Tuman fermerlari kengashi fermer xo‘jaliklari rahbarlariga mavsumni uyushqoqlik bilan o‘tkazish, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekiston fermerlari kengashi tavsiyalariga amal qilish muhimligini ta’kidlamoqda.
Ayniqsa, hali to‘liq yetilmagan, vazn to‘plash jarayonida bo‘lgan paxtani shoshilib terib olishga yo‘l qo‘ymaslik zarur. Chunki terimni erta boshlash yil davomida qilingan mehnat samarasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, hosildorlik va mahsulot sifati pasayishiga olib kelishi mumkin.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, g‘o‘zada yashil barglar va yetilayotgan ko‘saklar mavjud bo‘lsa, dala hali terimga to‘liq tayyor bo‘lmagan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun defoliatsiya va desikatsiya tadbirlarini agrotexnik talablar asosida, o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazish muhim ahamiyatga ega.
To‘g‘ri agrotexnologiyaga amal qilish orqali paxta dalalaridan qo‘shimcha hosil olish imkoniyati mavjud. Xususan, mutaxassislar tavsiyalariga ko‘ra, agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri tashkil etish gektaridan qo‘shimcha 10–20 sentnergacha paxta olish imkonini berishi mumkin. Bu esa rejalashtirilgan 50–60 sentner hosil o‘rniga 70–80 sentnergacha hosil olish uchun zamin yaratadi.
Terimga tayyor dalani sug‘orish tavsiya etilmaydi
Defoliatsiya va desikatsiya tadbirlaridan keyin paxtaning vaznini oshirish maqsadida dalalarni sug‘orish noto‘g‘ri yondashuv hisoblanadi.
Bunday holat g‘o‘zaning qayta ko‘karishi, yangi barglar chiqarishi va hosilning yetilish jarayoni kechikishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois terimga tayyorlangan dalalarda agrotexnik talablarga qat’iy rioya qilish lozim.
Fermer xo‘jaliklari rahbarlari, avvalo, dalalarning holatini to‘g‘ri baholashi, hosil to‘liq yetilmasdan terimga shoshilmasligi va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishi kerak.
Paxtachilikda har bir gektar, har bir ko‘sak va har bir sentner hosil ortida bir yillik mehnat mujassam. Shuning uchun mo‘l hosil nafaqat uni yetishtirish, balki o‘z vaqtida va sifatli yig‘ib olish bilan ham ta’minlanadi.
Terimga tayyorgarlik — muhim bosqich
Mavsumni samarali tashkil etish uchun fermer xo‘jaliklari rahbarlariga qator muhim tavsiyalar berilmoqda.
Avvalo, paxta dalalarini yana bir bor ko‘zdan kechirib, hosilning to‘liq pishib yetilishiga ishonch hosil qilish zarur. Defoliatsiya va desikatsiya tadbirlari talab darajasida o‘tkazilishi, desikatsiyadan keyin dalalar asossiz sug‘orilmasligi kerak.
Shuningdek, hosil to‘liq yetilmasdan va zarur agrotexnik tadbirlar yakunlanmasdan terimni boshlash maqsadga muvofiq emas. G‘o‘zapoyasi hali to‘liq qurimagan, o‘simlikda yashil barglar mavjud bo‘lgan dalalarni terimga tushirishga yo‘l qo‘ymaslik lozim.
Mashina terimiga mo‘ljallangan maydonlarni ham oldindan tayyorlash, paxta terish texnikalarining samarali ishlashi uchun zarur sharoitlarni yaratish muhim.
Terim jarayonida mehnat qonunchiligi va mehnat muhofazasi talablariga qat’iy amal qilish, har qanday shakldagi majburiy mehnatdan foydalanmaslik ham asosiy vazifalardan biridir.
Fermer manfaati — e’tiborda
Paxta xomashyosini qabul qilish jarayonida noxolis munosabatga yo‘l qo‘yilishi yoki asossiz chegirmalar qo‘llanilishi holatlarida fermerlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish ham e’tibordan chetda qolmaydi.
Tuman fermerlari kengashi mutaxassislari bunday holatlar bo‘yicha fermerlarning murojaatlarini tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ko‘rib chiqish va ularning manfaatlarini himoya qilishga tayyor.
Ayni paytda eng muhim vazifa — paxta terimi mavsumini yuqori uyushqoqlik bilan o‘tkazish, yil davomida qilingan mashaqqatli mehnat samarasini asrash va har bir gektardan imkoni boricha yuqori hosil olishdir.
Zero, paxtachilikda yuqori natijaga erishish nafaqat mo‘l hosil yetishtirish, balki uni to‘liq pishirib, o‘z vaqtida va sifatli yig‘ib olishni ham taqozo etadi.
Tuman fermerlari kengashi barcha fermer xo‘jaliklari rahbarlarini mavsumni mas’uliyat va uyushqoqlik bilan o‘tkazishga, agrotexnik talablarga to‘liq amal qilishga hamda yillik mehnat samarasini asrashga chaqiradi.
Hosilingiz mo‘l, xirmoningiz barakali bo‘lsin!
O‘zA