Yevropadagi jazirama millionlab bolalar salomatligiga tahdid solmoqda
“Save the children” tashkiloti tahlillariga ko‘ra, joriy yilning dastlabki olti yarim oyida G‘arbiy Yevropada yashovchi bolalarning qariyb uchdan ikki qismi keskin issiq to‘lqinlari ta’sirida qolgan. Bu ko‘rsatkich butun 2025-yildagidan uch barobar yuqori bo‘lib, 2003-yildan beri kuzatilgan eng yuqori daraja sifatida qayd etildi.
Hisobotda aytilishicha, ayrim mamlakatlarda vaziyat yanada tashvishli tus olgan. Masalan, Germaniyada joriy yilning birinchi yarmida xavfli haroratga duch kelgan voyaga yetmaganlar soni so‘nggi besh yildagi umumiy ko‘rsatkichdan oshib ketgan. Buyuk Britaniyada esa olti oy ichida 10 million nafar bola ana shunday sharoitda yashashga majbur bo‘lgan.
Mutaxassislar bolalar organizmi yuqori haroratga kattalarga nisbatan ancha sezgir ekanini ta’kidlamoqda. Sababi, ularning tana haroratini me’yorda ushlab turish qobiliyati hali to‘liq shakllanmagan. Bu esa suvsizlanish, nafas yo‘llari kasalliklari, buyrak bilan bog‘liq muammolar va boshqa salomatlik xavflarini oshiradi. Ayniqsa, kam ta’minlangan yoki sog‘lig‘ida muammosi bor oilalar farzandlari bunday vaziyatdan ko‘proq jabr ko‘radi.
Issiq to‘lqinlari ta’lim tizimiga ham ta’sir o‘tkazdi. Iyun oyida Fransiya va Buyuk Britaniyaning qator hududlarida o‘quvchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida maktablar vaqtincha yopildi. Tahlilchilar yilning ikkinchi yarmida harorat yanada oshishi mumkinligini hisobga olib, yakuniy raqamlar hozirgidan ham yuqori bo‘lishini istisno qilmayapti.
Tashkilot hukumatlarni iqlim o‘zgarishiga qarshi choralarni tezlashtirishga chaqirdi. Ekologlar fikricha, qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tish va issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish orqali kelajak avlodni ekstremal ob-havo oqibatlaridan muhofaza qilish mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA