Eron: Har qanday qaror milliy manfaatlar asosida qabul qilinadi
Eron tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Ismoil Bag‘aiy Vashingtonga keskin murojaat qilib, mamlakat urush yoki tinchlik masalasida tashqi bosimga bo‘ysunmasligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar taqdiri faqat milliy manfaatlardan kelib chiqib hal etiladi, har qanday qaror esa Tehronning o‘zi tomonidan qabul qilinadi.
Ayni paytda Qatar va Pokiston vositachiligida avval to‘xtab qolgan vaqtinchalik kelishuvni qayta tiklash bo‘yicha diplomatik harakatlar davom etmoqda. Shu bilan birga, Bag‘aiy harbiy amaliyotlar ishonch muhitini izdan chiqarganini aytib, hozirgi ustuvor vazifa mamlakat suverenitetini himoya qilish ekanini qayd etdi.
AQSH prezidenti Donald Tramp esa jurnalistlar bilan muloqotda Eron turli vositachilar orqali muloqot qilish istagini bildirganini da’vo qildi. U diplomatik yo‘lga yana bir imkoniyat berilganini aytdi, biroq kelishuv amalga oshmasa, keng ko‘lamli harbiy harakatlar qayta boshlanishi mumkinligini ham istisno qilmadi.
Muzokaralar qayta jonlanishi haqidagi umidlarga qaramasdan, Hurmuz bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyat o‘zgargani yo‘q. Eron bu dengiz yo‘li bo‘yicha O‘mon bilan muloqot olib borayotganini ma’lum qildi, biroq ushbu jarayonda uchinchi tomon ishtirok etmasligini urg‘uladi. Rasmiylar strategik yo‘lak yuzasidan barcha qarorlar mamlakat rahbariyati tomonidan qabul qilinishi, xorijiy davlatlar esa bu jarayonga aralashmasligi lozimligini bildirdi.
Musulmon Ziyo, O‘zA