Yer yuzasining taxminan 70 foizini okeanlar qoplaydi
8-iyun — Butunjahon okeanlar kuni. Ushbu ekologik sana okeanlarning Yer hayotidagi beqiyos ahamiyatiga e’tibor qaratish, dengiz muhitini muhofaza qilish va tabiiy resurslardan barqaror foydalanish g‘oyalarini targ‘ib qilish maqsadida joriy etilgan. Ushbu tashabbus ilk bor 1992-yilda United Nations Conference on Environment and Development doirasida taklif qilingan va 2008-yilda United Nations tomonidan rasman tan olingan.
Mazkur sanada dunyo mamlakatlari insoniyat hayoti uchun beqiyos ahamiyatga ega bo‘lgan okeanlar va dengizlar muhofazasiga e’tiborni qaratadi. Bu sana nafaqat suv havzalarini asrash, balki sayyoramizning ekologik barqarorligini ta’minlash yo‘lidagi umumiy mas’uliyat hamdir.
Ta’kidlash joizki, okeanlar global ekologik tizimning ajralmas qismi hisoblanadi. Millionlab o‘simlik va hayvonot turlarining yashash makoni bo‘lgan okeanlar insoniyat uchun ham hayot manbai vazifasini bajaradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Yer yuzasining taxminan 70 foiz qismini okeanlar qoplab olgan. Ular iqlimni tartibga solishda muhim rol o‘ynaydi, milliardlab insonlarni oziq-ovqat bilan ta’minlaydi, sayyoramiz bioxilma-xilligining katta qismini o‘z ichiga oladi. Shuningdek, ular dunyo bo‘ylab yog‘ingarchilik va suv aylanishi jarayonlariga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Afsuski, bugungi kunda okeanlar plastik chiqindilar, ortiqcha baliq ovlash, iqlim o‘zgarishi va ifloslanish kabi muammolarga duch kelmoqda. Shu bois, Butunjahon okeanlar kuni dunyo aholisini tabiatni asrash va kelajak avlodlar uchun sog‘lom dengiz ekotizimlarini saqlab qolishga chorlovchi muhim ekologik sana hisoblanadi.
Bilamizki, O‘zbekiston okeanlarga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan davlat sanaladi. Shunday bo‘lsa-da, mamlakatimizda suv resurslarini asrash, ekologik muammolarga mas’uliyat bilan yondashish va tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish masalalari doimiy e’tibor markazida bo‘lib keladi. Zero, ekologiya chegara bilmas global masaladir. “Shoxiga ursang, tuyog‘i zirqiraydi” deganlaridek, dunyoning bir burchagida yuz bergan ekologik o‘zgarishlar, albatta, yana qaysidir bir hududga yoxud butun sayyoraga o‘z ta’sirini ko‘rsatishi mumkin.
Shunday ekan, bugun har bir inson yon atrofidagi ekologik muammolarga befarq bo‘lmasligi, mavjud suv resurslaridan oqilona foydalanishi, atrof tabiiy muhitni o‘z holicha saqlash va ifloslantirmaslikka intilish lozim. Eng muhimi, o‘sib kelayotgan yosh avlod ongu shuurida tabiatga nisbatan mehr va mas’uliyat hissini uyg‘otish, ekologik madaniyatni yuksaltirish lozim bo‘ladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA