Sud idoralariga ishonch ortmoqda
Mamlakatimizda demokratik va erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kengaytirish, sud ishi yurituvining sifatini, aholining sud idoralari bilan bog‘liq muammolarini hal etilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Andijonda Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari Alisher Usmonov ishtirokida sayyor qabullar o‘tkazildi. Andijon va Baliqchi tumanlarida o‘tkazilgan Oliy sud sudyalari, viloyat sudlari raislari ishtirokida tashkil etilgan sayyor qabul davomida 100 nafardan ortiq fuqaroning sud-huquq masalalariga oid murojaatlari eshitildi.
Andijon tumanidagi Oyjamol mahallasida o‘tgan sayyor qabulda 48 nafar fuqaroning murojaati eshitildi. Asosan, fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash, sud qarorlaridan norozi bo‘lish, belgilangan jazolarni yengillashtirish, uy-joy, meros va boshqa masalalarga oid murojaatlarning 27 tasi jinoyat, 16 tasi fuqarolik, 1 tasi iqtisodiy hamda 4 tasi ma’muriy sudlovga oid murojaatlar tashkil etdi.
Qabul davomida 32 ta murojaat bo‘yicha huquqiy tushuntirish berildi, 2 ta murojaat qanoatlantirildi, 14 ta ariza va shikoyat Oliy sud va Andijon viloyat sudi tomonidan belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun qabul qilindi.
[gallery-29863]
Baliqchi tumani Ko‘l mahallasi “Uchbuloq” dam olish maskanida tashkil etilgan sayyor qabulda esa 53 nafar fuqaroning murojaati eshitildi. Murojaatlarning 27 tasi jinoyat, 20 tasi fuqarolik, 3 tasi iqtisodiy hamda 3 tasi ma’muriy sudlovga oid murojaatlar tashkil etdi. Ularning 37 tasiga huquqiy tushuntirish berildi, 7 ta murojaat qanoatlantirildi, 9 ta ariza va shikoyat Oliy sud va Andijon viloyat sudi tomonidan belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun qabul qilindi.
Sudlar tomonidan sodir etgan jinoyati uchun jazo muddatini o‘tayotgan 38 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod etilganligi, bola uch yoshga to‘lguniga qadar ta’minot undirish hamda 19 ta aliment undirish, 6 ta kommunal xizmatlar to‘lovi bo‘yicha qarzdorlikni undirish bilan bog‘liq, shuningdek, bir necha tadbirkorning davo arizalari qanotlantirilganligi fuqarolarning sud idoralariga bo‘lgan ishonchini yanada oshirdi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.