Yer resurslari raqamli nazorat ostiga o‘tmoqda
O‘zbekistonda yer munosabatlarini isloh qilish, yer resurslaridan samarali va oqilona foydalanishni ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Keyingi yillarda mazkur sohada ochiqlikni ta’minlash, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish va yer ajratish jarayonlarini shaffoflashtirishga qaratilgan qator islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada Prezidentimizning 2026-yil 24-apreldagi “Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining yerdan foydalanishdagi mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur hujjat qishloq xo‘jaligi yerlarini ajratish, ulardan foydalanish samaradorligini baholash, kadastr ma’lumotlarining ishonchliligini oshirish hamda zamonaviy nazorat mexanizmlarini joriy etish orqali sohani yangi bosqichga olib chiqishni nazarda tutadi.
Farmonda yer uchastkalarini elektron auksion orqali ajratish, kosmik monitoring tizimini kengaytirish, raqamli agroxaritalarni yaratish va sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish kabi qator muhim vazifalar belgilangan. Bu esa yer resurslarini boshqarishda shaffoflik, adolat va samaradorlikni ta’minlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Mazkur farmon nafaqat yer ajratish tartibini takomillashtirish, balki kadastr tizimini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir.
Farmonga muvofiq, 2026-yil 1-maydan boshlab respublikaning barcha hududlarida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berishning yangi tizimi to‘liq joriy etiladi. Endilikda yerlar faqat elektron onlayn auksion savdolari orqali ajratiladi.
Mutaxassislarning fikricha, ushbu tartib inson omilini kamaytirish, korrupsiyaviy xavflarning oldini olish hamda yer taqsimotida teng va adolatli sharoit yaratishga xizmat qiladi. Eng muhimi, yer resurslaridan foydalanishda ochiqlik va raqobat muhiti kuchayadi.
Farmon bilan auksionga chiqariladigan har bir yer uchastkasi bo‘yicha batafsil kadastr ma’lumotlarini shakllantirish talabi belgilandi. Jumladan, yer tuzish hujjatlari, normativ qiymati, tuproq boniteti, tuproq tarkibi, suv bilan ta’minlanganlik darajasi va boshqa muhim ko‘rsatkichlar oldindan tayyorlanishi lozim bo‘ladi.
Bu esa auksion ishtirokchilariga yerning haqiqiy holati haqida to‘liq tasavvurga ega bo‘lish imkonini beradi. Natijada yer maydonlarini tanlash va ulardan samarali foydalanish bo‘yicha asosli qarorlar qabul qilinadi.
Farmonning 10-bandiga muvofiq, Kadastr agentligiga Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan hamkorlikda 2022-2023-yillarda elektron tanlov orqali ajratilgan yer uchastkalari yuzasidan ma’lumotlarni shakllantirish va ularni Soliq qo‘mitasiga taqdim etish vazifasi yuklatildi.
Mazkur topshiriq yer munosabatlari sohasidagi ma’lumotlar bazasini yanada takomillashtirish, yerlardan foydalanish holatini tahlil qilish va nazorat mexanizmlarini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Farmon bilan yer nazorati tizimida ham muhim yangiliklar nazarda tutilgan. Xususan, yirik investitsiya loyihalari uchun ajratilgan yerlar hamda ikkilamchi ijara asosida foydalanilayotgan maydonlar kosmik monitoring orqali muntazam kuzatib boriladi.
Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari asosida amalga oshiriladigan monitoring yerlarning maqsadli foydalanilishini nazorat qilish, noqonuniy egallash yoki foydalanmaslik holatlarini tezkor aniqlash imkonini beradi. Bu esa yer resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlashda muhim omil bo‘ladi.
Farmonda yerlardan foydalanish samaradorligini baholashning KPI tizimini joriy etish, raqamli agroxaritalar yaratish hamda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha ham aniq vazifalar belgilangan.
Bu orqali yerlarning hosildorlik salohiyati, suv ta’minoti, ekinlar holati va boshqa ko‘rsatkichlarni tahlil qilish imkoniyatlari kengayadi.
Natijada kadastr ma’lumotlarining aniqligi ortib, yer resurslarini boshqarish sifati yangi bosqichga ko‘tariladi.
Farmon bilan yer uchastkalarining bozor qiymatini aniqlash bo‘yicha yangi yondashuvlarni ishlab chiqish vazifasi ham belgilangan. Bu esa ko‘chmas mulk bozori va yer resurslarini baholash tizimini xalqaro standartlarga yaqinlashtirishga xizmat qiladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yerlarning real bozor qiymatini aniqlash investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, mulk huquqlarini mustahkamlash va iqtisodiy munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun muhim ahamiyatga ega.
Xulosa o‘rnida aytish joiz, ushbu farmon yer munosabatlarini raqamlashtirish, kadastr ma’lumotlarining ishonchliligini oshirish, yerlarni ochiq va shaffof mexanizmlar asosida taqsimlash hamda zamonaviy monitoring tizimlarini joriy etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Mazkur hujjat natijasida kadastr tizimining raqamli transformatsiyasi jadallashib, yer resurslarini boshqarishda shaffoflik, aniqlik va samaradorlikni ta’minlash uchun mustahkam huquqiy asos yaratilmoqda. Bu esa qishloq xo‘jaligi rivoji, investitsiyalarni jalb etish va yer resurslaridan oqilona foydalanishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA