Infratuzilmadan tibbiyotgacha: Namangan viloyatining yangi rivojlanish drayverlari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-iyun kuni joylarda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari hamda turli sohalarda amalga oshirilayotgan loyihalar va joriy qilingan ilg‘or yechimlar bilan tanishish maqsadida tashrif bilan Namangan viloyatida bo‘ldi.
Prezidentimizning hududlarga tashrifi, eng avvalo, inson qadri va sha’nini ulug‘lash, elimiz farovonligi va turmush darajasini yanada yaxshilash, shahar va tumanlarning mavjud resurs va imkoniyatlaridan oqilona foydalanish orqali iqtisodiyot hamda infratuzilmani tubdan rivojlantirishda muhim o‘rin egallaydi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 16-17-sentabr kunlari Namanganga tashrifi chog‘ida salmoqli loyihalar bilan tanishib, viloyatda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari ko‘lamini kengaytirish, tadbirkorlik, sanoat, xizmat ko‘rsatish sohalarini jadal rivojlantirish, aholining yashash sharoitini yuksaltirish borasida dolzarb vazifalarni belgilab bergan edi. O‘tgan davr mobaynida mazkur topshiriqlar asosida olib borilgan amaliy ishlar natijasida Namangan ko‘plab jabhalarda o‘z o‘rnini topdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning viloyatga bu safargi tashrifi Namangan xalqaro aeroportida barpo etilayotgan yangi yo‘lovchi terminali qurilishini ko‘zdan kechirishdan boshlandi.
Mamlakatimizda transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Namangan xalqaro aeroportini kengaytirish loyihasi ham ana shu islohotlarning muhim qismi hisoblanadi.
Mazkur qurilish ishlari davlatimiz rahbarining 2021-yil 29-martdagi “Respublika aeroportlarini boshqarish sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilmoqda.
Namangan xalqaro aeroporti 1971-yilda foydalanishga topshirilgan. 2013-yildan xalqaro maqomda faoliyat yuritib kelmoqda. Bugungi kunda aeroport orqali 9 ta aviakompaniya muntazam parvozlarni amalga oshiryapti.
Loyihaga jami 175 million dollar investitsiya jalb qilingan. Rejaga ko‘ra, 2026-yil yakuniga qadar zamonaviy talablarga javob beradigan yangi yo‘lovchi terminali ishga tushiriladi. Maydoni 22,6 ming kvadrat metr bo‘lgan uch qavatli terminal soatiga 1,2 ming nafar va yiliga 3 million nafardan ziyod yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa aeroportning hozirgi quvvatini bir necha barobar oshiradi.
Yangi terminalda chegara va bojxona nazorati punktlari, viza xizmatlari, biznes-zal, savdo va umumiy ovqatlanish shoxobchalari, tibbiyot punkti hamda Duty Free hududi tashkil etiladi. Natijada 550 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
2027-yil yakuniga qadar kunlik quvvati 50 tonna bo‘lgan kargo terminali foydalanishga topshiriladi. Farg‘ona vodiysi uchun yagona zamonaviy kargo tizimi shakllantirilib, mahsulotlarni dunyoning 90 mamlakatiga eksport qilish imkoniyati kengayadi.
Davlatimiz rahbari qurilish jarayonlari bilan yaqindan tanishib, aeroport infratuzilmasini yanada takomillashtirish bo‘yicha qator ko‘rsatmalar berdi.
Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Namangan qo‘ychilik klasteri” faoliyati bilan tanishdi.
Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-yanvardagi “Chorvachilik tarmog‘ini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan keng imkoniyatlar tufayli amalga oshdi.
Umumiy qiymati 35 million dollar bo‘lgan klaster tuman hududidan ajratilgan 10 gektar yer maydonida uch bosqichda yo‘lga qo‘yiladi.
Birinchi bosqichda xorijdan 15 ming bosh nasldor qo‘y olib kelinsa, ikkinchi bosqich yakunida chorva sonini yana 35 ming boshga ko‘paytirish reja qilingan. Yuqori mahsuldorlikka ega bo‘lgan “Arashan”, “Hisor” va “Adelbay” zotlarini mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirish ko‘zda tutilgan.
Klasterda joriy etilayotgan zamonaviy parvarish texnologiyalari va ilmiy yondashuv orqali go‘sht yetishtirish hajmi hamda sifatini sezilarli darajada oshirish imkoniyati mavjud. Loyihaning texnologik ko‘rsatkichlariga ko‘ra, xorijdan olib kelingan 40-50 kilogramm vazndagi qo‘ylarni uch oy davomida intensiv usulda boqish orqali ularning vaznini 100 kilogrammgacha yetkazish rejalashtirilgan. Bu har bir bosh qo‘ydan 60-70 kilogrammgacha sof go‘sht olish demakdir.
Natijada an’anaviy chorvachilikka nisbatan mahsuldorlik 45-50 foizga oshadi va loyiha to‘liq quvvat bilan ishga tushganidan so‘ng viloyatda yiliga 35-40 ming tonna sifatli go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarilishi ta’minlanadi.
Bu yerda 280 ta yangi doimiy ish o‘rni yaratilishi hamda 95 ta kambag‘al oila vakillarining bandligi ta’minlanishi mahalliy aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, majmua negizida zamonaviy logistika xizmatlari, veterinariya va servis shoxobchalari hamda mahsulotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotishga mo‘ljallangan savdo nuqtalari barpo etiladi. Natijada yaxlit va uzluksiz klaster zanjiri yaratiladi.
Prezidentimiz ushbu korxona tajribasi chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirish, ichki bozorni sifatli go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlash va aholi bandligini oshirishda foydali ekanini qayd etib, uni ommalashtirishga topshiriq berdi.
To‘raqo‘rg‘on tumanida faoliyat yuritayotgan “Uychi parranda” korxonasida naslli tuxum yetishtirish, inkubatsiya qilish va go‘sht ishlab chiqarishni o‘z ichiga olgan yirik investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida ushbu korxona faoliyati bilan ham tanishdi.
Tijorat bankining 50 million dollarlik mablag‘i hisobidan 121 gektar maydonda Vengriyaning “Aviagen” kompaniyasidan keltirilgan 60 ming bosh naslli tovuqlar intensiv usulda parvarishlanmoqda. Korxonaning oddiy xo‘jaliklardan bosh ustuvorligi inkubatsiya jarayonidan boshlab tayyor go‘sht mahsulotlari yetishtirishgacha bo‘lgan to‘liq sanoat siklini qamrab olganidadir.
Bu yerda joriy etilgan zamonaviy genetik texnologiyalar naslchilik yo‘nalishida kuniga 60 ming dona yuqori sifatli tuxum olish va inkubatorlar orqali 50 ming bosh jo‘ja ochirish imkonini bermoqda.
Loyihaning go‘sht yetishtirish tarmog‘i ham yuqori iqtisodiy samaradorlikka ega. Har biri 100 ming bosh parrandaga mo‘ljallangan komplekslarda broylerlar 45-50 kun ichida parvarishlanib, bir siklda 120 tonna parranda go‘shti olinadi.
Ushbu muvaffaqiyatli tajriba asosida kelgusida viloyatning Mingbuloq, Namangan, Norin, Pop, Uychi, Chust va Chortoq tumanlarida yangi parrandachilik komplekslarini barpo etish zarurligi qayd etildi. Natijada viloyatdagi jami parrandalar soni 12 million boshga yetib, loyiha doirasida qo‘shimcha 500, kengaytirilgan kooperatsiya tizimi orqali esa jami 1 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.
“Uychi parranda” korxonasi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan yaxlit sanoat zanjiri nafaqat Namangan, balki butun Farg‘ona vodiysi bozorlarida parranda go‘shti va tuxum narxi barqarorligini ta’minlaydi. Loyiha to‘liq quvvatga chiqqach, xorijga eksport hajmi ham ortadi.
Davlatimiz rahbari shu yerning o‘zida hududning usta dehqonlari, fermer va tadbirkorlari bilan muloqot qildi.
Shuningdek, Prezidentimiz Namangan viloyatidagi bo‘sh turgan yerlardan unumli foydalanish va Pop tumanida tashkil etilgan 100 gektarlik superintensiv bog‘ loyihasining taqdimoti bilan ham tanishdi.
Qiymati 20,7 milliard so‘m bo‘lgan bog‘ tumanning tabiati va tuproq sharoitiga mos ravishda barpo etilgan. Eng muhimi, uzoq yillar davomida foydalanilmay yotgan, suv bilan ta’minlanishda murakkab bo‘sh yerlar mana shu loyiha sababli chinakam daromad manbaiga aylandi.
Bog‘ hududiga jami 66,6 ming tup serhosil mevali daraxt ko‘chatlari ekilgan. Bunda bozor talabidan kelib chiqib, mevalarning turiga alohida e’tibor qaratildi. Bog‘ning 60 gektar maydonida 40 ming tup o‘rik, 25 gektarida 16,6 ming tup shaftoli va 15 gektarida 10 ming tup gilos daraxtlari parvarish qilinmoqda.
Zamonaviy sug‘orish va parvarishlash usullari tufayli har bir gektardan o‘rtacha 20 tonnadan sifatli hosil olish kutilmoqda. Mazkur ko‘rsatkich oddiy bog‘larga qaraganda bir necha barobar ko‘p sanaladi.
Bu yerda yo‘lga qo‘yilgan kooperatsiya tizimi asosida 300 ta ehtiyojmand oilaning har biriga 30 sotixdan yer bo‘lib berildi. Bunday yondashuv kam ta’minlangan xonadonlarni doimiy daromad manbai bilan ham ta’minlaydi.
Shu tariqa Namangan viloyatida bo‘sh turgan yerlarni iqtisodiy aylanmaga kiritish izchil amalga oshirilmoqda.
Xususan, 2019-2024-yillarda viloyatda 38 ming 900 gektar maydon qayta foydalanishga kiritilgan bo‘lsa, 2025-yilning o‘zida yana 7 ming 28 gektar yer muomalaga qaytarildi. Bu boradagi strategik tashabbus doirasida 2028-yilga qadar foydalanishda bo‘lmagan jami 18 ming gektar yer maydonini bosqichma-bosqich o‘zlashtirish rejalashtirilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Davlatobod tumanidagi Yangi Namangan shaharchasi hududida IT-park qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimida ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari barcha hududlarda raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal rivojlantirish, yuqori daromadli ish o‘rinlari va zamonaviy quvvatlarni ko‘paytirish Yangi O‘zbekistondagi islohotlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri etib belgilanganini ta’kidladi.
Ayni maqsadga ko‘ra, alohida dastur va qarorlar qabul qilinib, zarur mablag‘lar va mas’ullar aniq belgilangan holda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Qayd etilganidek, birgina Namangan viloyatining o‘ziga yil boshidan 2 milliard dollarlik xorijiy investitsiya kiritildi. Bugun Xitoy, Turkiya, Hindiston va Rossiyalik hamkorlar bilan barpo etilgan 1 milliard 800 million dollarlik 20 ta yangi quvvat ishga tushirilmoqda.
Ular hisobidan farmatsevtika, yengil sanoat, elektrotexnika, qurilish materiallari, oziq-ovqat va kimyo sanoatida 6,5 mingta ish o‘rni yaratiladi, 30 dan ziyod yangi mahsulotlar ishlab chiqariladi. Ushbu loyihalar orqali viloyat iqtisodiyotiga 3 trillion 600 milliard so‘mlik aylanma, 200 million dollarlik eksport va byudjetga 400 milliard so‘mlik tushum qo‘shiladi.
Shu bilan birga, Namanganda sanoat, turizm, savdo komplekslari va uy-joy qurilishiga katta turtki beradigan yana 4 milliard dollarlik 28 ta loyihaga start berilmoqda.
Prezidentimiz Namangan viloyati aholisining 1 million 600 mingdan ortig‘ini yoshlar tashkil etishi, bu juda katta ijtimoiy-iqtisodiy kapital ekanini ta’kidladi. Yoshlarga axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt kabi zamonaviy bilimlar berib, ularni yuqori daromadli kasblarga o‘rgatish bo‘yicha katta startap loyihalar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Ekspertlar O‘zbekistonning sun’iy intellekt bo‘yicha salohiyatini 10 milliard dollarga baholamoqda. Ushbu salohiyatni imkoniyatga, imkoniyatni esa aniq loyiha, yangi ish o‘rni va yuqori qo‘shilgan qiymatga aylantirish zarurligi ta’kidlandi.
So‘nggi yillarda Nukus, Qarshi, Termiz, Urganch va Farg‘ona shaharlarida zamonaviy IT-parklar ishga tushirildi. O‘tgan yili oktabrda poytaxtimizda IT-park loyihasining ikkinchi bosqichi boshlangan edi.
Xitoylik hamkorlar bilan 117 million dollarlik yirik loyiha asosida respublikaning 6 ta hududi – Yangi Namangan, Samarqand, Chirchiq, Nurafshon, Urganch va Navoiy shaharlarida IT-parklar quriladi. Yangi Namangan shahrida barpo etiladigan majmua ushbu loyihaning ilk qaldirg‘ochi bo‘ladi.
Mazkur loyiha davlatimiz rahbarining 2024-yil 26-fevraldagi “Mamlakatimizda raqamlashtirish sohasidagi xizmatlar eksportini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.
Loyihaga muvofiq, 1,7 gektar maydonda 17 qavatli zamonaviy bino barpo etiladi. Bino xorijiy hamkorlar tomonidan loyihalash va qurilishdan tortib, ichki jihozlashgacha bo‘lgan barcha bosqichlarni qamrab olish bilan birga, to‘liq tayyor holda foydalanishga topshiriladi.
Maydoni qariyb 18 ming kvadrat metr bo‘lgan ushbu zamonaviy majmuada ta’lim va eksport markazlari, kovorking va ofis maydonlari, startap akseleratori hamda xorijiy kompaniyalar uchun maxsus xizmat ko‘rsatish tizimi tashkil etiladi.
Bu yerda o‘nlab kompaniyalar va startap studiyalar yagona axborot texnologiyalari ekotizimi sifatida faoliyat yuritadi. Majmuada namanganlik 2 mingga yaqin yoshlar uchun yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratiladi.
Loyihaning ishga tushishi viloyatda AT xizmatlar yillik hajmini 500 milliard so‘mga, eksportni esa 30 million dollarga yetkazishga zamin yaratadi.
Davlatimiz rahbari loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijiy hamkorlarga minnatdorlik bildirdi. Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Namangan IT-parki qurilishiga tamal toshi qo‘ydi.
Shu yerning o‘zida viloyatdagi yangi loyihalarni ishga tushirish va qurilishiga start berish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi doirasida Namangan davlat texnika universitetining sun’iy intellekt laboratoriyasi faoliyati bilan tanishdi.
Laboratoriyada talabalarning amaliy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, sun’iy intellekt texnologiyalarini real loyihalarda qo‘llash, professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini oshirish uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
Uning tarkibida tahlil, robototexnika va bionika markazlari, startap-akselerator, 9 ta “aqlli” xona, 2 ta sun’iy intellekt bo‘yicha tayyorgarlik xonasi tashkil etilgan.
Mazkur markaz sun’iy intellekt, robototexnika, “aqlli” transport, ekologiya va agrotexnologiyalar yo‘nalishlarida innovatsion ilmiy-amaliy loyihalarni ishlab chiqish va joriy etish bilan shug‘ullanadi.
Davlatimiz rahbari ushbu tajribani kengaytirish, muhim sohalar rivojiga yoshlarning intellektual va ilmiy salohiyatini yanada keng jalb etish zarurligini ta’kidladi.
Prezidentimizga viloyat, shahar va tuman hokimliklarida faoliyat yuritayotgan sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatchilar tomonidan tayyorlangan startap loyihalar ham taqdimot qilindi.
Davlatimiz rahbari yoshlar bilan suhbatlashib, ularning g‘oya va takliflarini eshitdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatining vaziyatlar markazida mutasaddilarning hududni rivojlantirish yuzasidan axborotlarini tingladi.
Mamlakatimizda hududlarni zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirish, davlat boshqaruvi va xizmatlar ko‘rsatish tizimini raqamlashtirish, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Namanganda “aqlli” vaziyatlar markazi tashkil etilgan bo‘lib, uning maqsadi shahar va tumanlardagi jarayonlarni yagona raqamli tizim orqali tahlil qilish, boshqaruv qarorlarini tezkor qabul qilish, aholi uchun qulay va xavfsiz muhit yaratishdan iborat.
Norin tumanidagi Yangi Namangan mahallasida tashkil etilayotgan “Mahalla axborot va xizmat markazi” loyihasi taqdimot qilindi.
Mazkur markaz orqali 8 ta mahallada istiqomat qiluvchi 27 ming nafardan ortiq aholiga 980 turdagi xizmatlar mahallaning o‘zida, “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatilishi rejalashtirilgan. Bunda ijtimoiy himoya, bandlik, profilaktika, soliq, jinoyatchilik, ta’lim va hududning boshqa muhim ko‘rsatkichlariga oid ma’lumotlar yagona raqamli tizimga integratsiya qilinadi.
Profilaktika inspektorlari faoliyati samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan taqdimotda esa huquqbuzarliklar profilaktikasiga oid 18 turdagi jarayon raqamlashtirilib, xodimlarning planshetlariga integratsiya etilgani ma’lum qilindi. Shuningdek, inspektorlar zamonaviy bodi-kameralar bilan ta’minlanib, ularning faoliyati vaziyatlar markazi bilan uzviy bog‘langan.
Shu yerda Prezidentimizga Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning yangi ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan axborot berildi.
So‘nggi yillarda Namanganda sanoat hajmi 4,6 trillion so‘mdan 40 trillion so‘mga yetgani qayd etildi. Joriy yilda Namanganda yalpi hududiy mahsulotni 9,2 foiz, sanoatni 9 foiz, xizmatlarni 17 foiz, qishloq xo‘jaligini 6,8 foizga oshirish vazifasi belgilangan. Endilikda mashinasozlik, metallurgiya, yengil sanoat, xizmatlar va yangi iqtisodiyot yo‘nalishlarini viloyatning asosiy drayverlariga aylantirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Hududlarni rivojlantirishda ilmiy yondashuvni kuchaytirish maqsadida 14 ta “aql markazi” Namangan misolida yangi ish uslubiga o‘tadi. Ular tuman va shaharlarda iqtisodiy diagnostika o‘tkazib, mehnat unumdorligi, investitsiya sifati, kooperatsiya, biznes faollik va qo‘shimcha qiymat zanjirlari bo‘yicha yangi rezervlarni aniqlaydi.
Mutasaddilarga 1-sentabrgacha har bir tumanning sanoat salohiyatini to‘liq o‘rganib, natijasi bo‘yicha yangi dastur ishlab chiqish topshirildi. “Aql markazlari” tomonidan tayyorlangan har bir ilmiy ish amaliyotga joriy qilinishi, hudud yoki tarmoq rivojiga xizmat qilishi shartligi ta’kidlandi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish va biznes infratuzilmasini yaxshilash uchun joriy yilda Namangan viloyatiga byudjetdan 4,5 trillion so‘m ajratilgan. Kichik va o‘rta biznes uchun 6,5 trillion so‘m resurs yo‘naltirilmoqda.
Viloyatda yil yakuniga qadar 80 ming aholini doimiy ishga joylashtirish, 314 ming nafar fuqaroning daromadini oshirish, 21 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish vazifasi qo‘yilgan.
Besh oyda 23,5 ming aholi doimiy ishli bo‘ldi, 8 mingdan ziyod oila kambag‘allikdan chiqarildi. Shu bilan birga, ayrim tumanlarda ishsizlik va kambag‘allik ko‘rsatkichlari yuqoriligicha qolayotgani tanqid qilindi. Mutasaddilarga bandlik, tadbirkorlik va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ishlar natijadorligini oshirish topshirildi.
Qishloq xo‘jaligida ham yangi imkoniyatlar ko‘rsatib o‘tildi. Kosonsoy tumanida chorvachilikni rivojlantirish, yil yakunigacha 4 ming 700 gektar maydonda ozuqabop ekinlar yetishtirish, qoramol va qo‘y-echki sonini ikki karra ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi.
Pop tumanida adir yerlardan samarali foydalanib, sanoatlashgan organik bog‘lar tashkil etish tajribasini kengaytirish topshirildi. Yil yakunigacha yana 400 gektar adirda sanoatlashgan bog‘ tashkil etiladi, bir oy muddatda esa qo‘shimcha 2 ming 800 gektar maydonda amaliy ishlar boshlanadi.
Yoshlarni zamonaviy kasb-hunarga o‘qitish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Namanganda xalqaro standartlarga mos kamida 5 ta xususiy o‘quv-baholash markazini tashkil etib, shu yilning o‘zida 20 ming nafar yoshlarni o‘qitishni boshlash vazifasi belgilandi.
Mutasaddilarga mehnat bozoridagi yangi talablardan kelib chiqib, zamonaviy kasblarga bo‘lgan ehtiyojni shakllantirish, o‘quv-baholash markazlari uchun texnikumlar binolaridan joy ajratish, mavjud texnikumlarda ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarini yangi o‘quv yiligacha yakunlash topshirildi.
Investitsiya va eksport masalalari ham muhokama qilindi. Joriy yilda Namanganga 5 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish, eksportni 1,2 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida viloyat bo‘yicha 3 milliard dollarlik 43 ta kelishuvga erishilgan.
Eksport salohiyatini oshirish uchun har bir tuman va shahar kesimida ishlash, mahsulotni ishlab chiqarishdan tortib, standart, sertifikatlash, qadoqlash, logistika va bojxona rasmiylashtiruvigacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oladigan “Yagona eksport ekotizimi”ni Namangan misolida yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Joriy yil viloyatda 130 kilometr ichimlik suvi va 2,5 kilometr kanalizatsiya tarmog‘i tortish, 9 ta yangi suv inshootini qurish uchun 703 milliard so‘m ajratilgan. Bu orqali 34 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanadi, 25 ming aholi kanalizatsiya tarmog‘iga ulanadi.
“Pungan – Namangan” avtomobil yo‘lining 75 kilometrini rekonstruksiya qilish, uni 4 tasmali beton qoplamali yo‘lga aylantirish, 21 ta ko‘prik va 22 ta piyodalar o‘tish joyini barpo etish rejalashtirilgan.
Jamoat transportini rivojlantirish maqsadida 1-sentabrgacha 90 ta avtobus, 50 ta elektrobus va 30 ta mikroavtobus, kelgusi yil 1-iyulgacha yana 105 ta elektrobus olib kelish topshirildi. Shu yilning o‘zida Namangan shahrida kanalizatsiya tizimini xususiy sheriklik asosida rekonstruksiya qilish bo‘yicha amaliy ishlar boshlanadi.
Sog‘liqni saqlash sohasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordamining yangi modelini Kosonsoy va Uychi tumanlarida ham joriy etish belgilandi. Shuningdek, infarkt va insultga qarshi kurashish milliy dasturi oktabr oyidan Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida yo‘lga qo‘yiladi.
Yig‘ilishda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, jinoyatchilik profilaktikasi va yoshlar bilan manzilli ishlash masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Bosh vazir o‘rinbosarlari, hududlar rahbarlari va boshqa mutasaddilarning hisobotlari tinglandi.
Davlatimiz rahbari Namangan viloyatiga tashrifi doirasida “Navbahor” futbol akademiyasida ham bo‘lib, bu yerda yosh futbolchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va o‘quv-mashg‘ulot jarayonlari bilan tanishdi.
Namangan viloyati o‘zining boy futbol an’analari va iqtidorli futbolchilari bilan mamlakatimizda alohida o‘rin tutadi. Yosh avlodni xalqaro standartlar asosida tayyorlash maqsadida “Navbahor” akademiyasi uch yil muddatga dunyoning yetakchi futbol maktablaridan biri sanalgan Niderlandiyaning “Ayaks” futbol akademiyasi boshqaruviga berildi.
“Ayaks” dunyodagi eng mashhur akademiya hisoblanadi (1900-yilda tashkil etilgan) va o‘z tarbiyalanuvchilarini Yevropaning mashhur klublariga o‘tkazish orqali har yili o‘rtacha 50-70 million yevro daromad oladi.
Kelishuvga asosan, klublar o‘rtasida qo‘shma o‘smirlar futbol akademiyasi tashkil etilib, o‘zbekistonlik yosh futbolchilar va murabbiylarni tayyorlash bo‘yicha “Ayaks”ning boshqaruv modeli joriy etiladi.
Hozirgi kunda akademiyada xorijiy mutaxassislar, jumladan, murabbiy va skautlar faoliyat yuritib, mahalliy yoshlarni Yevropa futbol standartlari asosida tayyorlash ishlarini olib boryapti.
Prezidentimiz akademiya infratuzilmasi, mashg‘ulot maydonlari hamda tarbiyalanuvchilar uchun yaratilgan imkoniyatlarni ko‘zdan kechirdi. Shuningdek, yosh futbolchilar va xorijiy mutaxassislar bilan suhbatlashib, ularning orzu-intilishlari va kelgusi rejalari bilan qiziqdi.
Uchrashuv davomida mamlakatimizda futbolni yanada rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekiston milliy terma jamoasining xalqaro maydonlardagi ishtirokini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari akademiya tarbiyalanuvchilari bilan suratga tushdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi doirasida an’anaviy xalqaro gullar festivalini ko‘zdan kechirdi.
Festival muddati 2018-yildagi 3 kundan 2025-yilda 40 kunga uzaytirilgani natijasida xorijlik sayyohlar soni 25 mingdan 800 ming nafarga, mahalliy turistlar esa 6,4 million nafarga yetdi.
Navbatdagi maqsad – 50 dan ortiq davlatdan 1 million nafar xorijiy va 7 million nafar mahalliy turistni jalb etish, 150 dan ziyod tadbir o‘tkazish hamda xizmatlar hajmini 8 trillion so‘mga yetkazish.
Joriy yil 24-maydan 12-iyulga qadar davom etadigan 65-xalqaro gullar festivali ham o‘zgacha shukuh bilan o‘tmoqda.
Festival “Ginnessning rekordlar kitobi”ga rasman kiritildi. Uning doirasida kitob vakillari bir oy davomida Namangan shahri aholisi tomonidan 29 milliondan ziyod gul ko‘chati qo‘lda ekilishi jarayonini kuzatdi. Natijada jahon rekordi qayd etildi.
Namangan shahrining 45 ta mahallasi gulchilikka ixtisoslashtirilib, 16 ming xonadon qamrab olindi, 21 ming nafar aholining bandligi ta’minlandi. Ushbu xonadon tomorqalarida mart-aprel oylarida 4 ming 683 ta issiqxona tashkil etilib, 120 million dona gul ko‘chati yetishtirildi. Odamlar qo‘shimcha 300 milliard so‘m daromadga ega bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari festival doirasida barpo etilgan gul kompozitsiyalari, mavzuli maydonlar va ko‘rgazmalarni ko‘zdan kechirdi. Gulchilik bilan shug‘ullanayotgan aholi, tadbirkorlar, festival ishtirokchilari va mehmonlarni qutladi.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV,
Behruz XUDOYBERDIEV,
Oqilxon DADABOEV,
O‘zA maxsus muxbirlari