Yengil atletikachimiz yigirma yillik rekordni yangiladi
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi”da yengil atletika bo‘yicha o‘tkazilgan Markaziy Osiyo chempionati o‘zbek yengil atletikasi tarixiga yangi zarvaraqlarni bitgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Chempionatning U16 yosh toifasida Navoiy shahar sportning o‘yin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan sport maktabi sportchisi Odilbek Hamdamov yuqori natija qayd etdi va yigirma yillik rekordni yangilashga erishdi.
Markaziy Osiyo mamlakatlarining eng mahoratli yengil atletikachilari qatnashgan shiddatli bahslarda Odilbek Hamdamov 400 metr masofaga yugurishda 50,87 soniya natija ko‘rsatib, 16 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida O‘zbekiston rekordini o‘rnatdi.
Mazkur natija bilan yosh sportchi 2006-yildan buyon saqlanib kelgan va Rustam Mirobidovga tegishli 50,9 soniyalik rekordni yangilashga muvaffaq bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi 19 ta oltin, 24 ta kumush va 20 ta bronza medaliga ega chiqqan holda Markaziy Osiyo chempionatida umumjamoada 1-o‘rinni egalladi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA