O‘zbekistonlik gimnastlar Bokuda 12 ta medalni qo‘lga kiritdi
Ozarbayjonning Boku shahrida sport gimnastikasi bo‘yicha xalqaro turnir o‘z yakuniga yetdi. Musobaqada ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etib, jami 12 ta medal — 4 ta kumush va 8 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Qayd etish joiz, jamoaviy dasturlarda hamyurtimiz yuqori natijalar qayd etib, bolalar va qizlar o‘rtasidagi bahslarda kumush medallarni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Milana Gaynullina hamda Asliyaxon Abduqodirova ko‘pkurash bahslarida shohsupaga ko‘tarildi.

Musobaqaning eng sermahsul ishtirokchilaridan biri Timur Kamayev bo‘ldi. U ko‘pkurash, dastakli ot, halqalar, qo‘shpoya va turnik mashqlarida bronza medallarini qo‘lga kiritib, terma jamoaning umumiy natijasiga katta hissa qo‘shdi. Shuningdek, Begzad Baxtiyarov tayanib sakrash dasturida bronza medaliga ega chiqqan bo‘lsa, Milana Gaynullina erkin mashqlarda, Asliyaxon Abduqodirova esa yakka cho‘p bahslarida sovrindorlar safidan joy oldi.
Mazkur natijalar O‘zbekiston sport gimnastikasi maktabida yoshlar zaxirasi izchil shakllanib borayotganini yana bir bor tasdiqladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA