YeI RFga qarshi sanksiyani chetlab o‘tishga yordam beradigan kompaniya va vositachilarga cheklov joriy qildi
YeI Kengashi Rossiyaga Yevropa Ittifoqi cheklovi ro‘yxatiga kiradigan mahsulotlarni yetkazib berish, shuningdek neft va moliya sohalarida sanksiyadan qochish bilan shug‘ullanuvchi 3 shaxs, 9 kompaniyaga qarshi cheklov joriy etdi. Bu haqda YeI diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas ma’lum qilgan.
Yangi ro‘yxatga “Movers Group”, “DT Inier” va “United Stream” kabi Rossiya logistika va moliya kompaniyalari, shuningdek ushbu korxona egalari va rahbarlari ham kiritilgan.
Bundan tashqari YeI fikriga ko‘ra, sanksiyani chetlab o‘tish harakatiga aloqador, Turkiyada ro‘yxatdan o‘tgan “Begler” va “MEDSE Group” savdo kompaniyalari ham nishonga olingan.
BAA, Hindiston va Seyshel orollaridagi “yashirin flot”ga daxldor va Rossiya neftini tashish bilan shug‘ullangan “DIS Logistics”, “Vigor Marine Services”, “Shiva Shipping” va vositachi “Hurus Trade” kabi qator boshqa jamoalarga nisbatan alohida choralar ko‘rilgan.
Ta’qibga duch kelgan barcha korxonalar mablag‘i muzlatilib, iqtisodiy resurslar taqdim etishi taqiqlanadi. Jismoniy shaxslarga YeIga kirish man etiladi.
Kallas ta’kidlashicha, Bryussel davom etayotgan Rossiya-Ukraina urushi yanada murakkablashishi munosabati bilan xarajatni oshiradi.
S.Rahimov, O‘zA